Yangi tashabbuslar keng imkoniyatlar va ulkan mas’uliyatdir
Aks-sado
Mamlakatimizda keyingi yillarda yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi avvalgi yillarga nisbatan bir necha barobarga oshgani quvonarli, albatta. Biroq oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasi dolzarbligicha qolmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 8 avgust kuni oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishda ana shu masala atroflicha muhokama etildi.
Yig‘ilishda Yurtboshimiz oxirgi yetti yilda qabul 4,5 barobar oshib, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi 42 foizga yetgan bo‘lsa-da, kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emasligini ta’kidladi.
Oliy ta’limda o‘qitilayotgan kadrlar bilan ish beruvchilar talabi o‘rtasida farq kattaligi, oqibatda korxonalar chetdan tayyor mutaxassis jalb qilishga majbur bo‘layotgani tanqid qilindi.

So‘nggi yillarda 40 ta oliy o‘quv yurtiga moliyaviy mustaqillik berilgani samarasida iqtisodiyot, huquqshunoslik, tibbiyot, xorijiy tillar va pedagogika yo‘nalishidagi muassasalarning o‘z mablag‘i paydo bo‘lgani, lekin qishloq xo‘jaligi, veterinariya, muhandislik, aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishlari yoshlar uchun jozibador emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qayd etilishicha, yaqin yillarda mamlakatimizda 83 milliard dollarlik yirik loyihalarning ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ularning hisobiga sanoatning o‘zida 500 mingga yaqin mutaxassisga ehtiyoj paydo bo‘ladi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, yangi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlash borasidagi yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, endi qiymati 1 million dollardan, ishchilar soni 50 tadan ko‘p bo‘lgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asosida sohalar va yo‘nalishlar bo‘yichamutaxassislarga ehtiyoj ko‘rsatiladi. Bu orqali mas’ul vazir va tarmoq rahbari oliy o‘quv yurtiga buyurtma joylashtirib, kadrlarni maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.
Bunda rektorlar buyurtma asosida o‘qiyotgan talabalar uchun, asosiy fanlardan tashqari, qo‘shimcha ta’lim modullarini joriy qiladi. Ularni o‘qigan talabalarga kredit ballari beriladi.
Talabalarning bilimi ikkinchi kursdan keyin ularni ishga olmoqchi bo‘lgan investorlar ishtirokida yillik baholanadi. Bitiruvchi diplom ishini loyihada qo‘yilgan masalalardan kelib chiqib himoya qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, investor talabiga mos bitiruvchilar kafolatli ishga olinadigan bo‘ladi.
Shuningdek, yig‘ilishda rektorlar vakolati va mas’uliyatini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Shu maqsadda Yangi O‘zbekiston universitetining baholash tizimi boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Bunda oliy o‘quv yurtiga bitiruvchilar bandligiga qarab 40 ball, ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmasi va mahsulotini sotishiga qarab 30 ball, ilmiy salohiyati va tan olingan xalqaro jurnallardagi maqolalari uchun 20 ball, jalb qilingan mahalliy va xorijiy grant uchun 10 ballgacha beriladi. Ushbu ballarga qarab, moliyalashtirish tizimi joriy qilinadi.
Yana bir yangilikni alohida e’tirof etish joiz. Prezidentimiz endi barcha oliy o‘quv yurtlari tashkiliy va akademik mustaqil bo‘lishini ta’kidladi. Jumladan, rektorlar o‘rinbosarlarini o‘zi tayinlaydi, belgilangan miqdor doirasida professor-o‘qituvchilar va boshqaruv xodimlarini taqsimlaydi. Shuningdek, rektorlarga “super kontrakt” miqdorini tabaqalashgan holda belgilash vakolati beriladi.
Bu esa oliy o‘quv yurtlarining yanada mustaqil bo‘lishiga zamin yaratadi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari yana bir muhim tashabbusni ilgari surdi.
Ma’lumki, hujjat topshirishda abituriyentlar 5 tagacha oliy o‘quv yurtini tanlayapti. Bu yoshlar uchun juda katta imkoniyat bo‘ldi. Endi bu yanada kengaytiriladi. Abituriyentlar tanlovidan birortasiga kirolmagan bo‘lsa, lekin bali boshqa oliy o‘quv yurtidagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, u shartnoma asosida ana shu oliy dargohda o‘qishi mumkin bo‘ladi.
Yig‘ilishda yoshlar bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, bu yilgi 92 ming bitiruvchining keyingi faoliyatida ko‘maklashish chora-tadbirlari belgilandi.
Uyushmagan yoshlarni alohida e’tiborga olib, ularni foydali mashg‘ulotlarga yo‘naltirish muhimligi ta’kidlandi. Xususan, kasb va til to‘garaklari, sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik tadbirlariga jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus va vazifalar oliy ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan barcha rahbar va xodimlar uchun yangi imkoniyatlar taqdim etish bilan birga, ularning zimmasiga ulkan mas’uliyat ham yuklaydi. Biz, ya’ni institutimiz pedagogik jamoasi mazkur tashabbuslar ijrosini ta’minlash yo‘lida bor imkoniyatimizni ishga solib, astoydil mehnat qilishni o‘z oldimizga maqsad qilib oldik.
Dilshodbek RUSTAMOV,
Andijon davlat chet tillari instituti rektori, professor.
O‘zA