Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yoshlar manfaatiga doir normalar
Mamlakatimizning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi oldingiga nisbatan 65 foizga yangilangan.

Oldingi tahrirda yoshlar manfaatiga oid bir norma (56-modda) bo‘lib, u ham bo‘lsa, yoshlar tashkiloti jamoat birlashmasi sifatida e’tirof etilishi bilan bog‘liq edi, xolos. 2 ta modda (64, 65-moddalar) davlat va jamiyat yetim va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlashi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantirishi, onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishiga doir edi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yoshlarga oid qator normalar o‘z ifodasini topgan. Alohida bir bobning (XIV bob) oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlangani yurtimizda yoshlar huquqlarini himoya qilishga qanchalik e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Jumladan, yoshlar huquqlari aks etgan alohida moddaga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Shuningdek, davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi, ularning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash, uy-joy bilan ta’minlash, ishga joylashish, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi belgilangan.
Yaxshi bilamizki, o‘qishni bitirgan har qanday yosh ishlashi, uylanishi, uyli-joyli bo‘lishi lozim. Ammo bularning barini birdaniga hal qilish juda qiyin. Shu bois davlat bu kabi masalalarni o‘z zimmasiga olmoqda. Yoshlarning ishga joylashishiga, uy-joyga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Muxtasar aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yoshlar manfaatlariga doir normalar ko‘paygan. Bularning barchasi Yangi O‘zbekistonda yoshlarga berilayotgan e’tibor namunasidir.
Mamlakatimizda yoshlar manfaatini ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy yo‘nalishda ifodalaydigan jamoat birlashmalari soni ham ortib bormoqda. Shu bilan birga, siyosiy yo‘nalishda ularning manfaatini ilgari surish uchun har bir siyosiy partiyada yoshlar qanoti tashkil etilgan.
“Adolat” SDP “Yosh adolatchilar” qanoti Toshkent viloyati kengashi ushbu yo‘nalishda yosh safdoshlari bilan turli siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy aksiyalar tashkil etib, yoshlar taklif va muammolarini partiya rahbar organlariga yetkazish va parlamentdagi fraksiyasi hamkorligida himoya qilishga katta e’tibor berib kelmoqda.
Sardor DASTIROV,
“Adolat” SDP “Yosh adolatchilar” qanoti
Toshkent viloyati Kengashi raisi.
O‘zA