Yangi reglament don xavfsizligini ta’minlaydi
Xalqimiz eng qadrli ne’matlarni “nondek aziz”, “nondek mo‘tabar”, deya ta’riflaydi. Mamlakatimiz gerbida g‘alla boshog‘i tasviri tushirilgani ham o‘zbek xalqining bug‘doyga, nonga alohida hurmat-e’tibori ifodasidir. Zero, non dasturxonimiz ko‘rki, farovon hayotimiz belgisidir.
Xalqimiz eng qadrli ne’matlarni “nondek aziz”, “nondek mo‘tabar”, deya ta’riflaydi. Mamlakatimiz gerbida g‘alla boshog‘i tasviri tushirilgani ham o‘zbek xalqining bug‘doyga, nonga alohida hurmat-e’tibori ifodasidir. Zero, non dasturxonimiz ko‘rki, farovon hayotimiz belgisidir.Mamlakatimizda barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qatori boshoqli va dukkakli ekinlar yetishtirish hajmi ortmoqda, ularni qayta ishlash kengaymoqda. Bu mahsulot yetishtirish agrotexnikasini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va foydalanish me’yorlarini takomillashtirishni talab qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31-martdagi “Don xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarorida sohaga doir yagona talablar belgilandi.
Qarorga ko‘ra mamlakatimiz hududida muomalaga chiqariladigan don, uni yetishtirish, saqlash, tashish, muomalaga chiqarish, utilizatsiya qilish jarayonlariga qo‘llash va bajarish uchun yagona va majburiy bo‘lgan xavfsizlik talablari qabul qilindi. Donni tamg‘alash va qadoqlash bo‘yicha muayyan majburiy talablar o‘rnatildi.
– Har bir mahsulotga qo‘yilgan alohida standartlar talablarini bajarish eksport yoki import bilan shug‘ullanish istagidagi korxonalarga muayyan qiyinchilik tug‘dirayotgan edi, – deydi “Don mahsulotlari ilmiy ishlab chiqarish markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, texnika fanlari doktori Dilorom G‘afurova. – Yangi texnik reglamentga ko‘ra, endilikda bu standartlarning talablari umumlashtirilib, 29 turdagi oziq-ovqat va ozuqa yem ekinlariga qo‘llaniladi. Texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha xalqaro normativ hujjatlarga mos bu reglament tadbirkorlarga bir qator yengilliklar yaratadi. Mazkur texnik reglament 2017-yilning 11-oktabridan kuchga kiradi.
Reglament, don ekinlarining qaysi mamlakatda yetishtirilishidan qat’i nazar, birinchi navbatda, inson hayoti va sog‘lig‘ini, atrof-muhitni, hayvonlar va o‘simliklarni muhofaza qilish, yuridik va jismoniy shaxslar hamda davlat mulkini asrab-avaylashni nazarda tutadi. Reglamentni ishlab chiqishda mahalliy shart-sharoit va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda xalqaro tajriba ham chuqur o‘rganilgan.
Texnik reglament asosida tartibga solinadigan mahsulotlar sirasiga qattiq va yumshoq bug‘doy, javdar, tritikale, suli, arpa, tariq, sholi, makkajo‘xori, loviya, no‘xat, yasmiq, mosh, burchoq, soya, raps, zig‘ir, yeryong‘oq, kunjut, paxta, xantal va boshqalar kiradi. Shu kabi oziq-ovqat va ozuqa yem maqsadlariga mo‘ljallangan donda toksik elementlar, benzopiren, pestitsidlar, radionuklidlar, zararli aralashmalar va don zararlanganligining chegaraviy ruxsat etiladigan darajalari, qadoqlashga bo‘lgan sanitariya-gigiyena talablari ham o‘z ifodasini topgan.
Oziq-ovqat va ozuqa yemga mo‘ljallangan don reglamentda o‘rnatilgan talablarga javob bergan taqdirdagina muomalaga chiqariladi. Fermerlar yoki tadbirkorlar tomonidan yetishtirilgan donni iste’molchilarga yetkazib berishda uning reglament talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi ma’lumotga ega bo‘lgan tovar – kuzatuvchi hujjatlari talab etiladi. Shu bois endilikda mahsulotlar bir joydan ikkinchi joyga yuborilayotganda ana shu hujjatlar bilan bilan birga jo‘natilishi kerak. Agar donning texnik reglament talablariga muvofiqligi tasdiqlanmagan bo‘lsa, uni muomalaga chiqarish man etiladi.
Donning sifatli saqlanishini ta’minlash ham jiddiy masala. Shu bois reglament donni saqlash va qayta ishlashda uning ishonchliligi va barqarorligini ta’minlash maqsadida xavfsizlik darajasini oshirish uchun yangi zamonaviy texnologiyalar hamda don xavfsizligini baholash usullarini joriy etishni tezlashtirishda muhim omil bo‘ladi. Donni tamg‘alash va qadoqlashga bo‘lgan muayyan talablarni o‘rnatish hisobiga iste’molchilarni chalg‘ituvchi harakatlarning oldi olinadi, donning raqobatbardoshligiga erishiladi.
– Yangi hujjat ishlab chiqarish jarayonida xavfli vaziyatlarning yuzaga kelishini minimallashtiradi, – deydi D.G‘afurova. – Reglamentning xalqaro talablarga mosligi tashqi savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etadi. Ishlab chiqarishni modernizatsiyalashtirish va rivojlantirish uchun sharoit yaratiladi, donning sifatini hamda raqobatbardoshligini oshirish imkoniyati kengayadi.
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tizimdagi korxonalarda umumiy texnik reglamentning maqsadi, mazmuni va uni qo‘llash tartibi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Soha vakillari bilan birgalikda texnik reglamentni amalda qo‘llash masalalari bo‘yicha seminarlar o‘tkazilib, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil etilmoqda. Ishlab chiqilgan texnik reglament asosida “Donni qayta ishlash mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida” maxsus reglament tayyorlanmoqda.
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi 44 korxonaning hammasida sinov laboratoriyasi mavjud. Bu sinov laboratoriyalarini zamonaviy, yangi modifikatsiyadagi o‘lchov vositalari va asbob-uskunalar bilan qo‘shimcha ta’minlash, yangi sinov usullarini o‘zlashtirish tadbirlari amalga oshirilmoqda.
“Don xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarorga rioya etish sifatli va xavfsiz mahsulot tayyorlash, eksport va importni har tomonlama tartibga solish, donni saqlash va tashishni to‘g‘ri tashkil etishda, shu orqali iste’molchilarning hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.