Yangi qonun auditorlik kasbi nufuzini oshirishga imkon yaratadi
Globallashuv sharoitida O‘zbekiston iqtisodiyotini jadal rivojlantirish va liberallashtirish, jahon moliya bozoriga integratsiyalashuvini tezlashtirish va kapital bozori hamda raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, zamonaviy korporativ boshqaruv prinsiplarini joriy etish muhim ustuvor vazifa hisoblanadi.
Mutaxassis sharhi
Bu jarayonda esa auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, boshqarishga oid qarorlarni qabul qilish va korporativ boshqaruv sifatini oshirish uchun auditorlik xizmatlarining ahamiyatini oshirish lozim.
Mazkur masalalarni hal etishda auditorlik faoliyatini xalqaro miqyosidagi audit rivojlanishining zamonaviy tendensiyalariga muvofiqligini ta’minlash, auditorlik faoliyatida auditning xalqaro standartlarini joriy etish orqali auditni xalqaro masshtabda birxillashtirishni ta’minlash, shuningdek, auditorlik tekshiruvidan o‘tadigan korxonalarda korporativ boshqaruvning zamonaviy tizimini joriy etish, mazkur korxonalarni ishonchli auditorlik xulosalar bilan ta’minlash muhimdir.
O‘zbekiston Respublikasining «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonuni 2000 yilda qabul qilingan bo‘lib, so‘nggi 20 yilda audit bozorida katta o‘zgarishlar ro‘y bergani va qator islohotlar amalga oshirilgani tufayli bugungi kun talabiga to‘liq javob bermasligi tobora ayon bo‘lib qoldi.
Shu bois, 2021 yil 25 fevralda O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Yangi tahrirdagi qonunda zamonaviy talablar va auditni tartibga solish sohasidagi tekshirilgan xalqaro amaliyot prinsiplariga asoslangan auditorlik faoliyatini tartibga solishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmini yaratish, auditorlik faoliyatini tartibga soladigan qoida va normalar hamda me’yoriy hujjatlarni yagona normativ-huquqiy hujjatda unifikatsiyalash va tizimlashtirish masalalari o‘z ifodasini topgan.
Qonun bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan auditorlik xizmatini tashkil etish, auditorlik kasbining nufuzi va ular ishining sifatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, pirovard natijada jamiyat manfaatlarini qondirish va investorlar himoyasini kuchaytirishga yo‘naltirilgan.
Ushbu hujjatda amaldagi qonunning eskirgan va havolaki me’yorlari qayta ko‘rib chiqilgan va auditorlik faoliyatini tartibga soluvchi yagona me’yoriy hujjat ko‘rinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonun sifatida qabul qilindi.
Respublikamizda auditorlik faoliyatini tartibga solishning umumiy tavsiflariga ko‘ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga 99 auditorlik tashkiloti faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Auditorlar soni 572 kishini tashkil qiladi. 19 mahalliy auditorlik tashkiloti yirik xalqaro tarmoq va assotsiatsiyalarining a’zolari hisoblanadi. Katta to‘rtlik (Big-4) – “Ernst &Young”, “PricewaterhouseCoupers”, “Deloitte and Touche” va «KRMG” xalqaro auditorlik tashkilotlarining sho‘’ba jamiyatlari faoliyat olib bormoqda.
Endi, yangi tahrirda qabul qilingan qonundagi muhim masalalarga e’tibor qaratamiz. Qonun quyidagi yo‘nalishlarda muhim masalalarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Bunda, auditorlik faoliyatini faqat Auditning xalqaro standartlari asosida amalga oshirish, auditorlik faoliyatini litsenziyalanadigan faoliyat turlari tarkibidan chiqarish, maxsus vakolatli davlat organi sifatida Moliya vazirligi auditorlarning respublika jamoat birlashmalari (Auditorlar Palatasi hamda Buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi) bilan birgalikda, moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda, auditorlik tashkilotlari ishi sifatini tashqi nazoratdan o‘tkazish, majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tishi zarur bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxatini shakllantirish, auditorlar malakasini oshirishning samarali tizimini tashkil qilish kabilar shular jumlasidandir.
Qonunning tarkibiy tuzilishi bo‘yicha ma’lumot beradigan bo‘lsak, u 9 bob, 55 moddadan iborat. Qonunning birinchi bobida qonunning maqsadi, auditorlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik, asosiy tushunchalar, auditorlik faoliyati sohasidagi asosiy prinsiplar, auditorlik faoliyati standartlari yoritilgan.
Qonunning maqsadi bo‘lib auditorlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish hisoblanadi. E’tiborli jihati, qonunda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar (auditor, auditorlik tashkiloti, auditorlik faoliyati, Auditorlar reyestri, Auditorlik tashkilotlarining reyestri, audit qo‘mitasi, renking va boshqalar) alohida moddada aks ettirilgan.
Auditorlik faoliyati sohasidagi asosiy prinsiplar sifatida mustaqillik, xolislik va halollik, kasbiy bilimga egalik hamda axborotning maxfiyligi prinsiplari batafsil yoritilgan. Muhim jihati shundaki, qonunda moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilarni ishonchli axborotlar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekistonda auditorlik faoliyatini faqat Auditning xalqaro standartlar asosida amalga oshirish belgilanmoqda. Bu esa o‘z navbatida, moliyaviy axborotlarning ishonchliligini oshiradi va axborot riskini kamaytiradi.
Qonunning ikkinchi bobi auditorlik faoliyati sohasini tartibga solish masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda auditorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. Uchinchi bobda auditor va uning yordamchisi, auditorlarni sertifikatlash tizimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan normalar asosida batafsil yoritib berilgan. To‘rtinchi bobda auditorlik tashkiloti, uning huquqlari va majburiyatlari batafsil yoritilgan hamda auditorlik tashkilotlarining javobgarligi aniq qilib belgilangan.
Auditorlik tashkilotlariga qulaylik va yengilliklar yaratish maqsadida bir qator yangi normalar kiritildi. Jumladan, auditorlik tashkilotlarining ustav kapitali miqdoriga bo‘lgan talab bekor qilindi. Auditorlik tashkilotining ustav fondi (ustav kapitali) auditorlik tashkiloti o‘z faoliyatini amalga oshirishda bevosita foydalanadigan mol-mulkdan, shu jumladan, pul mablag‘laridan shakllantiriladi.
Auditorlik tashkiloti o‘z faoliyatini amalga oshirishda mustaqildir. Auditorlik tashkiloti vazirlik, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas. Auditorlik tashkilotida asosiy ish joyi hisoblangan kamida to‘rt nafar auditordan iborat bo‘lishi belgilandi. Auditorlik tashkilotining filiali tashkil etilganda filial rahbari auditor bo‘lishi kerak. O‘zi haqidagi ma’lumotlar Tadbirkorlik sub’ektlarining yagona davlat reyestriga kiritilgan sanadan e’tiboran uch oy davomida u to‘g‘risidagi ma’lumotlar Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritilmagan tijorat tashkiloti o‘z nomida «auditorlik tashkiloti», degan so‘z birikmasidan foydalanishga haqli emas.
Qonunning beshinchi bobi auditorlik tashkiloti tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar turiga bag‘ishlangan bo‘lsa, oltinchi bobida auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish tartibi bayon qilingan. Mazkur bobda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishining oldini olishga yo‘naltirilgan va audit mustaqilligini ta’minlovchi, auditorlik tekshiruvi o‘tkazishdagi cheklovlar sanab o‘tildi. Shu tarzda, har bir bob auditorlik faoliyati va uning qonuniy me’yorlarini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Umuman olganda, «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi auditorlik faoliyatini tartibga solish va audit jarayonidagi tartib-taomillarning shaffofligini ta’minlaydi. Auditning xalqaro standartlari asosida mustaqil audit o‘tkazish amaliyotini tatbiq etadi. Auditorlik tashkilotlari xizmatlarining sifati va raqobatbordoshligini oshiradi. Moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilarni ishonchli audit xulosasi bilan ta’minlaydi. Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlari va hamkorligini kengaytiradi va mazkur sohasidagi hujjatlarni tizimlashtiradi hamda qonunosti hujjatlarning qisqarishiga olib keladi.
Yakuniy xulosa sifatida qayd etish lozimki, mazkur qonunning qabul qilinishi auditorlik faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning takomillashuvi, auditorlik xizmatlari sifatining oshishi, milliy auditning xalqaro miqyosdagi audit rivojlanishining zamonaviy tendensiyalariga muvofiqligini ta’minlash, auditorlik kasbi nufuzining oshishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonun hujjatining shakllanishiga olib keladi.
Otabek BARAKAEV,
Moliya vazirligi Buxgalteriya hisobi va audit
uslubiyoti departamenti bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari
O‘zA