Yangi O‘zbekistonni yoshlar bilan birga quramiz
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor kundan kunga yaxshilanayotgani ushbu yurtning ertangi kuni albatta buyukligidan dalolat beradi.
Joriy yilning 21-22 yanvar kunlari Prezidentimizning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldim.
Yig‘ilishda mamlakat rahbarining biz buxorolik yoshlarga katta ishonch bildirgani shijoat bilan ishlashimizga yanada turtki bo‘ldi.
Prezidentimiz tomonidan “Mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlariga” bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishining o‘tkazilishi 2021 yilni – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da tashlangan ulkan qadam bo‘ldi.
Ushbu yig‘ilishda mamlakat yoshlarining hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun yaratib beriladigan imkoniyatlar va iste’dodlarini namoyish etishda shart-sharoitlarni ta’minlab berish joriy yilda barcha mutasaddi rahbarlarning asosiy vazifasi ekanligi davlat rahbari tomonidan ta’kidlab o‘tildi.
Shu bilan birgalikda yoshlar bandligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarimizni kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlik sohasida ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kreditlar ajratib berish orqali bandligini ta’minlash choralarini ko‘rish zarurligi bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Yoshlarni ishga joylashtirish bo‘yicha tizim yaratildi. Unga ko‘ra, har bir rahbarga aniq manzilli topshiriqlar berildi.
Yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishlari uchun beshta muhim tashabbus doirasida ham amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarning belgilab berilishi ushbu sohada qilinishi lozim bo‘lgan bir qator vazifalar mavjudligidan dalolat beradi.
Hozirgi yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishi kundan-kun ortib bormoqda. Davlat rahbari tomonidan mazkur masalaga alohida e’tibor qaratildi. IT-parklarning joylarda to‘garaklarini ochish va raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bu esa yoshlarimiz uchun imkoniyatlar eshigi ochilishidan dalolat bermoqda.
Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, ertangi kelajak egalari bo‘lmish yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlari hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun xizmat qilishi shubhasizdir.
Bobomurod OCHILOV,
O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi
G‘ijduvon tumani bo‘limi boshlig‘i,
xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi deputati.