Yangi O‘zbekiston yoshlariga yangi imkoniyatlar
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish borasidagi ishlar salmog‘i har qachongidan ham ortib bormoqda.
Bugun kelajak sohiblarini zamonaviy bilimlarni egallashi, oxirgi fan-texnika yutuqlaridan bahramand bo‘lishi hamda o‘zlarining yuksak orzu-istaklarini amalga oshirishi va yuksak maqsadlariga yetishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Davlatimiz rahbarining bu borada olib borayotgan sa’y-harakatlari qisqa davr ichida o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsata boshladi. Yoshlar o‘z chuqur bilim va salohiyati bilan xalqaro ilmiy tanlovlarda munosib ishtirok etib, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.
Taraqqiyot va yuksalishga eng tez va to‘g‘ri olib boradigan yo‘l bu – ta’lim-tarbiya va ilm-fan yo‘lidir. Shunday ekan, to‘g‘ri ta’lim-tarbiya va ilm-fan rivojisiz yuqori marralarga erishish mushkul.
Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirishga va yuqori darajaga olib chiqishga xizmat qiladigan yangi bir xujjat – “Respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoni tasdiqlandi.
Jumladan, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi kvotasi ikki barobarga oshirildi. Tayanch doktoranturada o‘qiyotgan doktorantlar uchun 10 ta va magistratura bosqichi talabalari uchun 22 ta o‘rin ajratildi. Bakalavriat bosqichi talabalari uchun esa har bir oliy ta’lim muassasasiga bittadan alohida o‘rin ajratildi. Vaholanki, avvallari magistrlar va bakalavrlar uchun atigi 11 tani tashkil etgan xolos.
Mazkur farmonning yana bir muhim jihati shundaki, yurtimizda faoliyat olib borayotgan barcha xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan talabalar ham bu imkoniyatlardan teng foydalana olishi mumkin bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki nomli davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan bu muassasalar talabalariga yurtimizdagi davlat oliy o‘quv yurtlarining magistratura bosqichiga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinishi belgilab qo‘yildi. Bu imkoniyatlar yoshlarimizni yuqori marralar va yuksak maqsadlar sari yanada ildamroq harkatga keltiradi hamdailm-fan yo‘lida olib borayotgan ishlariga shijoat, kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.
Muxtasar aytganda, yangi qabul qilingan ushbu farmon kelajagimiz egalarini ilmiy-tadqiqot faoliyatlarini jadal olib borishlari, o‘z bilim va salohiyatlarini, iqtidor va iste’dodlarini namoyon etishlari uchun katta motivatsiya beradi. O‘z o‘rnida, yoshlarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish uchun munosib shart-sharoit va yuksak darajada qo‘llab-quvvatlaydigan muhit yaratiladi.
Odiljon Mamatkarimov,
Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori,
fizika-matematika fanlari doktori, professor