Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida festival o‘tkazildi.
Tadbirda tuman hokimi Bekzod Bobomurodov so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda, shu jumladan, tumanda yoshlar masalasiga bag‘ishlangan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, ular tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar haqida to‘xtaldi.

Festivalda “DXX raisi kubogi” uchun o‘tkazilgan musobaqalarning tuman bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yigitlar o‘rtasida o‘tkazilgan futbol bo‘yicha musobaqada 1-o‘rinni Rabot, 2-o‘rinni Xonrabot, 3-o‘rinni Bobodo‘g‘i mahallalari, mini futbol bo‘yicha musobaqada esa 1-o‘rinni Bobodo‘g‘i, 2-o‘rinni Azizobod, 3-o‘rinni Xonrabot mahalla yoshlari qo‘lga kiritdi.

Qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan mini futbol bo‘yicha musobaqada 1-o‘rinni Rabot, 2-o‘rinni Madaniyat mahallalari, 3-o‘rinni Yangi hayot jamoasi egalladi.

Barcha g‘olib va sovrindorlarga kubok hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Madaniyat bo‘limi xodimlarining chiqishlari, san’atkorlar ijrosidagi qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri