Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!
Samarqand viloyati tuman va shaharlarida shu shior ostidagi yoshlar festivallari o‘tkazilmoqda.
– Yoshlar kuni oldidan tashkil etilayotgan mazkur tadbirlar yigit-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning madaniyat, san’at, sport va badiiy ijod yo‘nalishlarida iqtidorini ro‘yobga chiqarish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan, – deydi yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i H.To‘xtayev. – Shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj yoshlarga alohida e’tibor ko‘rsatiladi. Ularni ishga joylashtirish, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
Kecha Pastdarg‘om tumanida o‘tkazilgan festival “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” yurish marafoni bilan boshlandi. Shundan so‘ng tuman markazidagi “Yangi O‘zbekiston” maydonida, bog‘ va xiyobonlar, ta’lim muassasalarida sport musobaqalari, milliy xalq o‘yinlari, san’at, musiqa, raqs, kitobxonlik ko‘rik-tanlovlari, “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Shuningdek, “Eng kitobxon oila” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar munosib taqdirlandi. “Bir nuroniyga o‘n nafar yosh” aksiyasi doirasida nuroniylar va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi.
[gallery-7303]
Pastdarg‘omlik faxriylar o‘zlarining hayot yo‘li haqida gapirib, yoshlarni bugun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga da’vat etdi. Milliy hunarmandchilik mahsulotlari, harbiy texnikalar namoyishi yoshlar uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Festivalda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va viloyat sektor rahbarlari ishtirok etib, tadbir qatnashchilarini tabrikladi.
– Ushbu festival doirasidagi tadbirlar bir tuman misolida yurtimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, kelajagiga qanday e’tibor ko‘rsatilayotganining ifodasidir, – dedi E.Turdimov. – 30 iyungacha barcha tuman va shaharlarda shunday tadbirlar tashkil etib, sizlar bilan yaqindan muloqot qilamiz. Pastdarg‘omda sportchilar, chempionlar va turli tanlovlar g‘oliblari ko‘p. Biz ishonamiz, bundan buyon ham bu an’ana davom etadi.
Tadbirda “Eng faol yoshlar yetakchisi”, “Eng faol hamkorlik qilgan hokim yordamchisi” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi. Tadbirlar yakunida samarqandlik va poytaxtdan kelgan taniqli xonandalar ishtirokidagi gala konsert namoyish etildi. Bugun viloyatning Payariq tumanida shu kabi yoshlar festivali o‘tkazilmoqda.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA