Yangi O‘zbekiston – xalq xizmatidagi davlat
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi – xalq va davlat munosabatlarini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish. Davlat boshqaruvini inson manfaatlariga xizmat qiluvchi samarali mexanizmga aylantirish.
O‘zA muxbiri “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov bilan shu haqda suhbatlashdi.
– Konstitutsiyamizga ilk bor Fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bobning kiritilgani mamlakatimizda demokratik institutlar faoliyatini mustahkamlaydigan va ularning davlat boshqaruvidagi rolini kuchaytiradigan beqiyos tarixiy qadam bo‘ldi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, keyingi yillarda olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimizni xalqchil davlatga aylantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Xalq va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, davlat boshqaruvi tizimini inson manfaatlariga xizmat qiluvchi samarali mexanizmga aylantirish asosiy vazifalardan biriga aylandi.

– Inson manfaatlariga xizmat qiluvchi qanday mexanizmlar amaliyotga joriy qilindi?
– Davlat boshqaruvi mutlaqo yangicha tizimga o‘tdi. Ko‘plab davlat xizmatlari raqamlashtirilayotgani tufayli odamlar hayotida duch kelgan aksariyat byurokratik to‘siqlar olib tashlandi.
Davlat xizmatlari tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Agar 2017 yilda davlat xizmatlari markazlari orqali faqat 37 turdagi xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 400 dan oshib ketdi. Ya’ni, 7 yilda xizmatlar soni 11 barobarga ko‘paydi. Bu esa, xalq bilan davlat o‘rtasidagi muloqotning qulayligi va shaffofligi keskin oshganini anglatadi.
Aholining raqamli xizmatlarga ishonchi va qiziqishi ham ortib bormoqda: 2017 yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanuvchilar soni 50 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 13,8 million nafarga yetdi. Bu – xalqimizning raqamli savodxonligi va davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyati sezilarli darajada yuksalayotganini ko‘rsatadi.
Ota-onalar farzandlarini bog‘cha yoki maktabga mobil telefon orqali ro‘yxatga qo‘ymoqda. Yoshlar oliy ta’limga kirish jarayonida avvalgidek sarson bo‘lmaydi. Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi, ma’lumotnoma olish kabi sohalarda odamlarni ovora qilgan muammolarga chek qo‘yildi.
– Islohotlarni hayotga tatbiq etishda jamoatchilik ishtiroki va xalqaro standartlar ahamiyati qanday bo‘lmoqda?
– Jahon banki va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) ekspertlarining xulosasiga ko‘ra, jamoatchilik ishtirokining samarali shakllari davlat muassasalarida shaffoflikni oshiradi. Hisobdorlikni ta’minlaydi va fuqarolarning hokimiyatga ishonchini mustahkamlaydi. OECD bu jarayonni Civic Tech deb ta’riflaydi – ya’ni raqamli texnologiyalar orqali demokratiyani mustahkamlash.
BMTning E-participation Index reytingida ham mamlakatlar fuqarolarni onlayn ishtirokka jalb qilishiga qarab baholanadi. Unga ko‘ra, fuqarolarga axborot berish, qaror muhokamasida qatnashish va fikr bildirish imkoniyatlari kengaygan sari demokratik jarayonlarga ishonch ham ortib boradi.
Shuningdek, Digital Nations tashabbusi yetakchi raqamli davlatlarni tajriba almashish uchun birlashtirsa, Open Government Partnership (OGP) kabi platformalar ochiqlik, hisobdorlik va fuqarolar ishtiroki tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
– Yangi O‘zbekistonda jamiyatda kechayotgan jarayonlarda jamoatchilik ishtirokini ta’minlovchi qanday islohotlar amalga oshirildi?
– Bu borada qator tizimli choralar amalga oshirildi: Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxona tashkil etildi. Ular orqali murojaatlar hal etilishi darajasi sezilarli oshdi: 2017 yilda bu boradagi ko‘rsatkich 47,5 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yilda bu 60,9 foizga yetdi. 2023 yilda esa 57 foiz murojaat ijobiy hal qilindi.
Raqamli platformalar – regulation.gov.uz va 2030.strategy.uz orqali fuqarolar davlat hujjatlarini muhokama qilishda ishtirok etmoqda. Masalan, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi muhokamasi davomida 30 mingdan ziyod fikr va taklif kiritildi.
Jamoatchilik nazorati faollashdi. Konstitutsiyaga ko‘ra saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqaro qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘ldi.
Ochiq va “Tashabbusli byudjet” dasturlari orqali fuqarolar mahalliy byudjet taqsimotida ishtirok etmoqda. Faqat 2022 yilning o‘zida 131 mingdan ziyod taklif kiritilib, 4 mingdan ortiq tashabbus g‘olib bo‘ldi.
Mansabdor shaxslarning hisobdorligi ta’minlanmoqda. Ular o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilikka hisobot berishi amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
– “Xalq bilan muloqot” tamoyili qanday samara bermoqda?
– Bu tamoyil O‘zbekistonda shaffof, hisobdor va inklyuziv boshqaruvning asosiy ustuniga aylandi. Fuqarolar murojaat.gov.uz sayti va “1000” raqamli ishonch telefoni orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniga ega.
Axborot maydoni kengaydi: ommaviy axborot vositalari soni 2016 yildagi 1 ming 514 tadan hozirda 2,5 mingga yaqinlashdi. Ularning 835 tasi davlat, qolgani nodavlat tashkilot va idoralar muassisligidagi OAVlardir.
Blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollari soni keskin ortib, jamoatchilik fikrini shakllantirishda muhim o‘rin egallay boshladi.
Internetdan foydalanish 2017-2024 yillar mobaynida 48.7 foizdan 93.3 foizgacha o‘sdi. Ya’ni, ikki barobardan ko‘p o‘sish kuzatildi. Telegramdan – 94, YouTube’dan – 66, Instagramdan – 53 foiz aholi foylanmoqda va mamlakatda onlayn muloqot va kontent iste’molida asosiy vositalarga aylandi. Televideniye, radio va matbuot orqali o‘nga yaqin tilda axborot tarqatish imkoniyatlari kengaydi.
Natijada siyosiy muhitning ochiqligi va jamoatchilik ishtiroki institutsionallashtirildi, ommaviy axborot vositalarida plyuralizm mustahkamlandi.
– Fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) rivoji qanday kechmoqda?
– Fuqarolik jamiyati institutlari – davlatning xalq uchun xizmat qilishida eng muhim hamkorlardan biriga aylandi. Bugun yurtimizda 10 mingdan ziyod NNT faoliyat yuritmoqda. Ular sog‘liqni saqlash, ta’lim, ekologiya, gender tengligi va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohalarida davlatning ishonchli hamkoriga aylandi.
NNTlar qonun loyihalari muhokamalarida ishtirok etib, aholining manfaatlarini davlatga yetkazmoqda. “Jamoatchilik eshituvlari” va “Jamoatchilik kengashlari” fuqarolarning fikr va takliflarini davlat siyosatini shakllantirishga olib chiqmoqda.
– Islohotlar jarayonida “Taraqqiyot strategiyasi” markazining o‘rni va roli qanday bo‘lmoqda?
– 2017 yildan buyon “Taraqqiyot strategiyasi” markazi davlat va jamiyat o‘rtasida muloqot maydoni vazifasini bajarib kelmoqda. Har yili davlat dasturi qabul qilinishi arafasida fuqarolar takliflari markaz orqali yig‘ilib, tahlil qilinadi va tegishli davlat organlariga yetkaziladi. 2022 - 2023 yillarda minglab takliflar “O‘zbekiston - 2030” strategiyasiga kiritildi.
Bugun markaz ushbu strategiya ijrosini joylarda monitoring qilib, natijalarni uzbekistan2030.uz orqali jamoatchilikka taqdim etmoqda.
Bu jarayon xalqimizning davlat siyosatini nazorat qilishdagi ishtiroki ortib borayotganini va “Xalq xizmatidagi davlat” g‘oyasining amalda o‘z ifodasini topayotganini ko‘rsatadi.
Ushu islohotlar zamirida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Xalq davlat uchun emas – davlat xalq uchun xizmat qilishi kerak” degan so‘zlari bilan ifoda etilgan g‘oya turadi. Bu esa, o‘z navbatida, “Xalq xizmatidagi davlat” tamoyilini amalda namoyon etmoqda.
Norgul Abduraimova, O‘zA