Yangi O‘zbekiston va yangi avlod yoshlari
Bugun yoshlarimiz haqida so‘z ketar ekan, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning savollariga bergan javoblarini alohida e’tirof etish joiz.
Davlat rahbari o‘z intervyusi orqali yoshlarimizga xalqning asosiy tayanchi va suyanchi sifatida qat’iy ishonch bildirayotgani, keng ko‘lamli islohotlarni samarali amalga oshirishda ular hal qiluvchi kuch ekanligini ta’kid etganligi - kelajak vorislariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning yaqqol ifodasidir.
Darhaqiqat, yoshlar manfaatlari davlat siyosatining eng ustuvor maqsadlariga aylangan holda, mamlakatda tez fursatlar ichida yoshlar masalalarida katta islohotlar amalga oshirildi. Yoshlarni bilimli, oliy ma’lumotli qilish maqsadida hozirgi kunda oliygohlar soni 141 taga yetkazilgan bo‘lsa-da, yurtimizda nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari ham ko‘payib bormoqda.
Ushbu tizim tubdan isloh etilar ekan, oxirgi yillarda oshib borayotgan qabul kvotalari, imtiyoz asosidagi qabullar, ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun ajratilayotgan alohida grantlar – bularning barchasi yoshlar uchun, ularning farovon hayoti uchun ochib berilayotgan imkoniyatlar eshigidir.
Bugun O‘zbekiston mana shunday kuchli islohotlar bilan o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ydi. Hayotbaxsh islohotlarning samaralari nafaqat oliy ta’limda, balki barcha sohalarda yaqqol namoyon bo‘ldi.
Shuni qayd etish joizki, ilm-fanga ishtiyoqmand farzandlarimizni buyuk bobolarimizning munosib izdoshlari va davomchilari etib tarbiyalash biz uchun ham qarz, ham farz, aslida. Zero, davlatimiz rahbarining ta’kidi bilan aytganda, o‘z Vatanini, ona xalqini ravnaq toptirish uchun o‘zini ayamasdan mehnat qilish: bu – jasorat va mardlik, bu – ona yurtga muhabbat va sadoqat, bu – to‘g‘ri tarbiya va amaliy namuna demakdir.
bugungi kunda qancha-qancha bilimli, chet tillarni, zamonaviy boshqaruv usullarini yaxshi biladigan navqiron yoshlar hayotimizga kirib kelmoqda. Ular – bizning umidimiz, ertangi kunimiz. Shuning uchun yoshlarga keng yo‘l ochib berish, ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam berish davlatimiz, Prezidentimiz e’tibori markazida ekanligi kuchimizga kuch qo‘shmoqda.
Faxrlanarlisi, hozir jahon miqyosida yurtimiz haqida so‘z ketganda “Yangi O‘zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e’tirofidir. Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgan ekan, ulug‘ yo‘lda Yurtboshimizga yelkadosh, davlatimizga suyanch bo‘lish maqsadi qalblarimizda jo‘sh urmoqda.
Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ 30 yilligi arafasida kelajak avlodlarining kamoli yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarni faxr bilan tilga olamiz. Yurtimizda Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etilgani, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tuzilgani, yigit-qizlarning tashabbus va g‘oyalari to‘laqonli qo‘llab-quvvatlanib kelinayotgani xayrli ishlar izchil rivojlanayotganidan dalolat.
Mamlakatimizda yoshlarning barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan. Ayniqsa, ta’lim muassasalarini tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yigit-qizlarni munosib ish va daromad manbai bilan ta’minlash, ularga zamonaviy kasb-hunarlar, IT texnologiyalarni o‘rgatish, tadbirkorlikka keng jalb etish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani e’tiborga loyiq.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 13 iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni yoshlarga oid davlat siyosatining yangi, muhim bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatdi. Tarixiy hujjatning har bir bandida O‘zbekiston yoshlarining mehnat faoliyati, ta’lim olish jarayoni, oila va jamiyatdagi maqsadlari amalga oshirilishiga ko‘mak berilishi, yosh avlod manfaatlarining chuqur himoyasi o‘z ifodasini topadi.
O‘zbekistonda yoshlarni bilimli va malakali qilib tarbiyalash, jahon standartlariga mos keluvchi ilg‘or kadrlar etib yetishtirish uchun puxta o‘ylangan, uzoq muddatli izchil tizim amalga oshirilib, yosh avlodga katta imkoniyatlar berilmoqda. Yangi o‘quv yilidan 22-28 foizli 3 yillik ta’lim krediti 14 foizga tushirilib, 7 yilga beriladigan bo‘ldi. Kreditni qoplashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar esa soliqdan ozod qilinadi. Dunyo miqyosida TOP-1000 talikka kirgan oliy ta’lim muassasalarini bitirgan va chetda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lash tizimi joriy etiladi. Yoshlar mamlakat taraqqiyoti modeliga aylanib borayotgan bugungi kunda Yurtboshimizning e’tibori va rag‘batidan kuch olgan, yangi tashabbus va maqsadlar sari qadam qo‘yayotgan yosh avlod yurtimiz istiqboli, yorug‘ kelajagimiz bunyodkori, degan e’tirofga munosib mehnat qilishi kerak. Qolaversa, dunyo miqyosida raqobat keskin tus olayotgan davr faqat zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlari bilan qurollanish lozimligini ko‘rsatadi. Bu borada yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, ona Vatanga, Istiqlol g‘oyalariga sadoqati, milliy qadriyatlarga ehtiromi, buyuk ajdodlarga munosib vorislik e’tiqodi bizni Yangi O‘zbekiston istiqboliga yetaklaydi, albatta.
Bahodirjon Shermuhammadov,
Farg‘ona davlat universiteti rektori.
O‘zA