“Yangi O‘zbekiston” universitetida ilk o‘quv yili boshlandi
Yurtimizda faoliyat olib borayotgan davlat OTMlari bilan bir qatorda xususiy, qo‘shma universitetlar ham tashkil etilmoqda. Shunday oliygohlardan bir Prezident maktablarining uzviy davomi sifatida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” universitetidir. Ushbu universitetda yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Shuningdek, tadbir davomida universitet taqdimoti, davra suhbati bo‘ldi va o‘quv binosi hamda talabalar turar joyi bo‘ylab press-tur tashkil etildi.
Universitetda ilk o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan 18-23 oktyabr kunlari tanishtiruv haftaligi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur hafta davomida talabalar oliygohda yaratilgan shart-sharoitlar, fan o‘qituvchilari, dars jadvallari, baholash mezoni, universitet tartib-qoidasi, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” ta’lim portali (Intranet) bilan tanishtiriladi.
– “Yangi O‘zbekiston” universitetiga kirish imtihoni "Cambridge Assessment" tashkiloti bilan hamkorlikda joriy yilning 6 sentyabr kuni bo‘lib o‘tib, unda saralash bosqichidan muvafaqqiyatli o‘tgan 1213 nafar nomzod ishtirok etdi, – deydi Agentlik rahbari Hilola Umarova. Imtihonlarning 1-bosqichi – saralash jarayonlarida jami 6000 dan ortiq talabgor ro‘yxatdan o‘tgan. O‘ylaymanki, bu universitetni bitirib chiqqan yoshlar yangi ish o‘rni yaratib, yurtimizga nafi tegadigan kadrlar bo‘lib yetishadi.
2021-2022 o‘quv yilida mazkur universititetga quyidagi yo‘nalishlarga qabul bo‘lib o‘tdi: mexanika muhandisligi, kimyo muhandisligi, dasturiy ta’minot muhandisligi. Imtihon natijalariga ko‘ra, 200 nafar talaba qabul qilindi.
[gallery-4309]
“Yangi O‘zbekiston” universiteti o‘z yo‘nalishida “Dunyoning eng yaxshi 100 universiteti” reytingida 1-o‘rinda turadigan Massachusets texnologiya instituti bilan hamkorlik qiladi. Universitetga mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda xorijiy pedagog-kadrlar ham jalb etilgan. Oliygohdagi barcha 10 ta fundamental fanlar bo‘yicha ilmiy dasturlarni ishlab chiqish va o‘quv jarayoniga tatbiq qilish uchun "TUM International" bilan hamkorlik olib borildi.
– Bugun orzularim ushaldi. Chunki o‘tgan yili Prezident maktabiga o‘qishga topshirib, kira olmagan edim. Bugun yangi tashkil etilgan shu universitetga qabul qilindim. Universitetning dasturiy ta’minot muhandisligi yo‘nalishini tamomlab, xalqimizga foyda keltiradigan, yurtimiz rivojiga o‘z hissamni qo‘shadigan shaxs bo‘lmoqchiman, – deydi universitetning ilk talabalaridan biri Asaloy Turdiyeva.
Shuningdek, universitet nufuzli chet el oliygohlari bilan hamkorlik aloqalari ham o‘rnatgan. Joriy yilning 27 sentyabr –1 oktyabr kunlari Prezident ta’lim muassasalari agentligi delegatsiyasi Agentlik rahbari Hilola Umarova boshchiligida xizmat safari bilan Germaniyaning Myunxen shahriga bo‘lib, "TUM International" rahbari Friyederika Hettinger, universitetning faxriy rektori Volfgang Herrmann, shuningdek, Bavariya Davlat kanselyariyasi Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Doktor Marten Shlotter, “Siemens Energy" kompaniyasining o‘quv markazi loyiha boshqaruvchisi Ferdinand Pinzer va yana bir qator mas’ullar bilan uchrashdi. Tomonlar universitet faoliyati doirasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha bir qancha amaliy ishlar yuzasidan kelishib olishdi.
Fayzullo Yahyoyev, Otabek Mirsoatov (curat), O‘zA