Yangi O‘zbekiston samarali ta’lim tizimidan boshlanadi
O‘qituvchilik kasbiga talab har qanday zamonda yuqori bo‘lgan. Ammo bola hayotidagi ilk ustoz biz — ota-onalar va boshqa kattalar hisoblanamiz. Demak, ta’lim tizimi butun jamiyatga taalluqli muhim masala. Texnologiyalarning rivojlanishi bilan ta’lim tobora standartlashtirilib, barcha uchun universal bo‘layotgani ta’lim yondashuvlarining doimiy o‘zgarishiga olib kelayapti.

Bugun o‘qituvchi bolalarda umumiy yoki fan ko‘nikmalarini shakllantirish bilan birga, o‘quv jarayonini tarbiya bilan uyg‘un tarzda olib bormoqda. O‘g‘il-qizlar ustoziga maslahat olish uchun yuzlanadi, qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazishni so‘raydi. Ba’zida esa o‘qituvchilar oilaviy nizolarni ham hal etishga yordam beradi.
Dunyoning yetakchi mamlakatlari tajribasi ta’lim sohasi aslida insonlarga o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkonini berish uchun zarur bo‘lgan sarmoya ekanligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Aynan shu bois ham “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchligida mamlakatimizda ta’limning barcha bosqichlarini qamrab olgan keng ko‘lamli islohotlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2019 yilda Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi va Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi kabi muhim hujjatlar tasdiqlandi. Ularning asosiy maqsadi O‘zbekistonni “PISA” reytingidagi 30 ta yetakchi davlatlar qatoriga kirishini ta’minlash, ta’lim jarayonini mazmun jihatidan yangilash, raqamli texnologiyalarni joriy etish, kadrlar malakasini oshirish va ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish hisoblanadi.
Yuqoridagilarning barchasi shiddatli zamon sharoitida ijod qilish va o‘z yo‘lini o‘zi belgilashga qodir, yuksak mas’uliyatli va bunyodkorlikka intiluvchan malakali va bilimli shaxslarni shakllantirish tizimini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Shundan kelib chiqib, har bir o‘qituvchi oldida o‘zi tanlagan mutaxassislik bo‘yicha ishlash uchun ham ma’naviy, ham kasbiy jihatdan tayyor bo‘lgan yosh mutaxassislarni yetishtirish vazifasi turibdi.
Mamlakatimizda ta’lim tizimi yoshlarni katta hayotga tayyorlashga yo‘naltirilib, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan yuqori standartlarga mos kelishi lozim. Ta’lim ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va o‘zbek jamiyatida qabul qilingan odob-axloq qoidalari va me’yorlariga asoslangan bo‘lishi kerak.
Shunda ta’lim tizimi yoshlar, oila, jamiyat va davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Ta’lim-tarbiyada asosiy e’tiborni yoshlarda vatanparvarlik, kattalarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, atrof-muhit, madaniy merosni asrab-avaylash, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining an’analarini hurmat qilish tuyg‘ularini shakllantirishga qaratish zarur.
Buning natijasida yosh avlod zarur bilim, ko‘nikma va malaka oladi, amaliy tajriba to‘plab, unda o‘z bilimlarini kundalik hayotda qo‘llash hamda uzluksiz o‘qib-izlanish odati shakllanadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan alohida ta’lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning xilma-xilligini hisobga olgan holda barcha fuqarolar uchun ta’limdan teng va inklyuziv foydalanishni ta’minlash siyosati tizimli olib borilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq. Shu bois, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur.
Yaqinda Prezidentimiz raisligida “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi doirasida maktab ta’limi tizimidagi islohotlarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda erishilgan yutuqlar e’tirof etilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Xususan, oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgan. Bu yil 60 trillion so‘m ajratilgan. Maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rin yaratildi.
Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalarida ishtirok etish kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olayapti. O‘z navbatida, bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashdi. Yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 7-10 million so‘mdan oshadi.
O‘zbekistonda ta’lim dasturlari eng ilg‘or mamlakatlar tajribasiga moslashtirilmoqda, darsliklar yangilanayapti, maktablarga zamonaviy jihozlar olib berilayapti. Bularning barchasi o‘qituvchilar tegishli o‘quv bazasiga tayangan holda yangi uslublar asosida bolalarga sifatli ta’lim berishining asosiy shartidir. Ya’ni, o‘qituvchilar malakasi oshishi butun ta’lim tizimi yaxshilanishiga olib keladi. Buning uchun davlat o‘qituvchilar sidqidildan mehnat qilishi uchun barcha sharoitlarni yaratishi lozim.
Pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti va uning 13 ta hududiy markazi qayta tashkil etildi. Nizomiy nomidagi oliygoh Milliy pedagogika universitetiga aylantirilib, uning rektori bir vaqtning o‘zida kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazir o‘rinbosari bo‘ldi. Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil qilindi.
Endi bu imkoniyatlar asosida barcha pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan o‘zgartiriladi. Masalan, Termiz pedagogika instituti misolida aytganda, hozirgi fakultetlar o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil qilinadi. Fanlar soni maqbullashtirilib, 20 tadan 15 taga, ta’lim yo‘nalishlari 31 tadan 17 taga tushiriladi, o‘quv yuklamasi 20 foizga qisqaradi. Yaqin hududdagi maktablar uning amaliyot bazasiga aylantiriladi.
Institutning xorijiy til sertifikati bor 20 nafar o‘qituvchisi shu yil Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi. Kelgusi uch yilda barcha professor-o‘qituvchilar chet elda o‘qitiladi. “Top-100” talik universitetlarda malaka oshirish va ta’lim xizmatlarini olish to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida bo‘ladi.
Hududlardagi malaka oshirish markazlari faoliyati ham kengaytiriladi. Ulardagi professor-o‘qituvchilar AQSH, Buyuk Britaniya, Singapur, Germaniyaning ilg‘or dasturlari asosida qayta tayyorlanadi.
Shu bilan birga, o‘rta ta’limdagi 17 ta fanning har biri bo‘yicha alohida tayanch maktablari bo‘ladi. Tayanch maktab o‘qituvchisi Malaka oshirish markaziga kelib, o‘z yo‘nalishida xalqaro dasturlar asosida chuqur tayyorlanadi, ularga trener maqomi beriladi.
Keyinchalik bu trenerlar o‘ziga biriktirilgan hududda 25 nafar yetakchi o‘qituvchini o‘qitadi. Yetakchi o‘qituvchilar esa o‘z maktabidagi boshqa muallimlarning malakasini oshirib boradi. Bundan tashqari, universitet, markaz va maktablardan muallimlar xorijga malaka oshirishga yuboriladi. Hozirgi zamon talablari va milliy iqtisodiyotimiz ehtiyojlaridan kelib chiqib, kimyo, biologiya va fizika fanlari bo‘yicha o‘qituvchilarni tayyorlashga, shuningdek, ta’lim muassasalarida aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘qituvchilar yetishmovchiligi muammosini hal etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Davlatimiz rahbari iqtidorli yoshlarni nufuzli xorijiy universitetlarda o‘qitish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Ta’kidlanganidek, farzandlarimiz juda iqtidorli, faqat ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, maqsadli tayyorlash zarur. Shu maqsadda “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi yo‘lga qo‘yiladi, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etiladi. Unga 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari saralab olinib, reytingi yuqori oliygohlarga maqsadli tayyorlanadi.
Endi ilg‘or xorijiy tajriba asosida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturlari o‘zaro uyg‘unlashadi. Buning uchun bog‘cha bolalarini matematika, tabiiy fanlar va texnologiya yo‘nalishlarida tanqidiy va kreativ fikrlashga o‘rgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, yozgi ta’tilda yoshlarni oromgohlar va foydali mashg‘ulotlarga jalb etish, sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar va san’at kechalari o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Xususan, “Barkamol avlod” maktablari, “Yoshlik” sport jamiyati va O‘quvchi yoshlar markazi yagona tizimga birlashtiriladi. Ular ta’mirlanib, zamonaviy yo‘nalishlarga mos jihozlanadi, xorijiy tillar, sun’iy intellekt, dasturlash va animatsiya kabi yangi to‘garaklar ochiladi.
O‘quvchilar o‘rtasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha ham yangi tizim bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand, Buxoro va poytaxtdagi “Barkamol avlod” markazlarida kamida 100 o‘rinli “Bolalar sayyohlik bazasi” tashkil qilinadi. Har yili 1 million o‘quvchi uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar uyushtiriladi.
Bolalarni zararli axborotdan himoya qilish – hammani o‘ylantirayotgan muammo. Ommaviy axborot vositalari, reklama, kompyuter o‘yinlari va boshka audiovizual materiallar orqali taraqatilayotgan axborot yoshlarga tobora salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularni xavfli, agressiv xatti-harakatlarga undamoqda, jinoiy ishlarga kirib qolishini osonlashtirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, axborot tarqatish jarayonini yetarli darajada tartibga solish ehtiyojini tug‘dirayapti.
Shu bois, Prezident qaroriga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzurida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi. U mahalliy ijodkorlarga milliy kontentlar yaratish bo‘yicha buyurtma beradi, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari ta’lim va uzluksiz kasbiy mahoratni oshirish xalq farovonligini ta’minlashning asosiy omillari sifatida katta ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Bu nafaqat mamlakatdagi ta’lim sifati, balki ta’lim sohasiga investitsiya kiritish maqsadida xalqaro hamkorlikni jadallashtirish muhimligi bilan ham bog‘liq. Olib borilayotgan davlat siyosati yurtimiz yoshlarining farovonligini oshirish va ularni himoya qilishga qaratilgan.
N. Rashidova,
«Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi