Yangi O‘zbekiston – millatlararo totuvlik diyori
Buxoro davlat universitetida “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” munosabati bilan viloyat hokimligi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston – millatlararo totuvlik diyori” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda azaldan o‘zbek xalqi millatlararo totuvlik, do‘stona munosabat, bag‘rikenglik timsoli, qolaversa, tarixi bir necha ming yilliklarga tutash ko‘hna va boqiy Buxoro qadim Sharq sivilizatsiyasi beshiklaridan biri sifatida tan olingani ta’kidlandi.
Buxoro viloyatida 40 ga yaqin millat va elat bir oila bo‘lib yashab kelmoqda. Ayni kunda 12 milliy madaniyat markazlari faoliyat yuritmoqda.
[gallery-9634]
Tadbirda milliy madaniyat markazlarining a’zolari tashakkurnoma hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ezgu niyat va xayrli ishlarga esh bo‘lgan tadbir qatnashchilari yakunida universitet hududida tashkil etilgan “Do‘stlik bog‘i”da ko‘chat o‘tqazildi.
Yurtimizda davlat rahbari tashabbusi bilan o‘tgan yildan e’tiboran “Xalqaro bag‘rikenglik kuni”ga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar haftaligi o‘ziga xos an’ana ko‘rinishini olayotgani joylarda aholi, ayniqsa, yosh avlodni, viloyatda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirishga, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga, jamiyatda ko‘p millatli katta oila tuyg‘usini, millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
YUNESKO xalqaro tashkiloti shafeligida dunyoda tinchlik, dinlar va konfessiyalararo muloqot – insonparvarlik munosabatlarini o‘rnatish, millatlar va elatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Bag‘rikenglikka oid 70 dan ziyod xalqaro hujjat qabul qilingan. 1995 yil 16 noyabrda Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida e’lon qilingan “Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” bu sa’y-harakatning yorqin namunasidir.
Hozirda mazkur sana butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida keng nishonlanmoqda. Mamlakatimizda tinchlik, osoyishtalik, munavvar kunlarimizning qadr qimmatini yosh avlod qalbiga joylash, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida insonparvarlik g‘oyalarini mustahkamlashga e’tibor ortdi. Ana shunday kunlar omili bo‘lgan diniy bag‘rikenglik, millatlararo do‘stlik tamoyillarini yanada barqarorlashtirishga alohida yondashib kelinayotgani ham maqsadga muvofiqdir. Binobarin, yurtimizda turlicha diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning emin-erkin, ezgu g‘oya va sof niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat istiqomat qilib kelishayotgani ham bag‘rikenglikning yorqin namunasidir. Ayni kunda mustaqil diyorimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari 16 ta turli konfessiyaga e’tiqod qilgan holda tinchlik va xotirjamlikda umrguzaronlik qilmoqda. Bundan tashqari, bugun viloyatda 12 ta milliy-madaniy markaz, 10 ta noislomiy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Mazkur markazlar a’zolarining Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida qilayotgan mehnatlari munosib baholanib, turli yillarda nufuzli davlat mukofotlari bilan taqdirlangani ham insonparvarlik namunasi, albatta. Qolaversa, viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlari talabalarining mingga yaqini boshqa millatga mansub yoshlardan tarkib topgan bo‘lib, kelgusida hudud iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotida ham ularning hissasi qo‘shilishi shubhasiz.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA