Yangi iste’dodlarga keng imkoniyatlar
Fotima va Zuhra Adhammirzayevalar Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi pedagogika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida o‘qiydi. Bolalikdan musiqaga oshno egizaklar milliy mumtoz qo‘shiqlarni kuylashga astoydil intiladi.
Fotima va Zuhra Adhammirzayevalar Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi pedagogika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida o‘qiydi. Bolalikdan musiqaga oshno egizaklar milliy mumtoz qo‘shiqlarni kuylashga astoydil intiladi.O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan "Yangi ovozlar" ijodiy teletanlovi Fotima va Zuhra kabi havaskorlar hamda professional yoshlarni o‘z atrofiga jamladi. Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi, "O‘zbekkino" milliy agentligi, Yoshlar madaniyat va san’at markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur loyihaning navbatdagi saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentabrda qabul qilingan "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi qonuni yigit-qizlarning ma’naviy va jismoniy kamol topishiga yaqindan ko‘maklashish, ularning iste’dodini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida yangi istiqbollarni ochmoqda.
"Yangi ovozlar" teletanlovidan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning xonandalik yo‘nalishidagi iste’dodini namoyon etishi uchun ijodiy maydon yaratish, ularning mahoratini oshirish, jahon va o‘zbek milliy xonandaligi an’analarini targ‘ib etishdan iboratdir. Shu bilan birga, turli janr va tillarda kuylay oladigan yosh iste’dodlarni izlab topish, ularni professional san’atga kengroq jalb etishda mazkur tanlovning ahamiyati katta bo‘lmoqda. Loyihada 18-30 yoshdagi havaskorlar va professional tayyorgarlikka ega yigit-qizlar qatnashmoqda.
Teletanlovga mamlakatimizning barcha hududlaridan ishtirok etish istagini bildirgan 400 nafardan ortiq yigit-qiz hujjat topshirdi. 2016-yilning 20-22-iyul kunlari Yoshlar ijod saroyida mazkur teletanlovning dastlabki saralash bosqichi bo‘lib o‘tgan edi. Saralash bosqichi jarayonida yoshlarning musiqiy dasturini ko‘rib chiqish uchun mohir rejissyorlar, xonandalar, prodyuserlardan iborat ekspert guruhi jalb etildi. O‘z iste’dodini to‘liq namoyon etib, hakamlar e’tirofini qozongan 120 nafardan ortiq yosh xonanda tanlovning keyingi bosqichida qatnashish imkonini qo‘lga kiritdi.
Komron Otaullayev O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini 2014-yilda tamomlab, hozir Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali teatrida ishlamoqda.
– Bugun o‘z iste’dodi va mahoratini namoyon etish istagidagi yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi K.Otaullayev. – Bu kabi ijodiy loyihalar jonli ijro mas’uliyatini, tomoshabin oldidagi xonanda burchini teranroq anglash, ijodiy mahoratimiz va salohiyatimizni tobora kengroq namoyon etish yo‘lidagi yana bir imkoniyatdir.
Ijrosi eng yaxshi deb topilgan xonandalar keyingi bosqichga yo‘llanma oldi. Tanlovning yakuniy bosqichi shu yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tadi.