Yangi o‘quv yilida yangi marralar sari
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2026-2027-o‘quv yilining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda nuroniy ustozlar, institut jamoasi, talaba-yoshlar va ularning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yangi o‘quv yilining boshlanishi ta’lim jarayonida ham, ijtimoiy hayotimizda ham muhim ahamiyat kasb etib, yoshlarimizni yangi maqsadlar sari yo‘naltiradigan voqeadir.
Mustaqil mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, ilm-fan rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor bugun soha mutaxassislari zimmasiga katta mas’uliyat yuklamoqda. Prezidentimiz g‘amxo‘rligi bilan yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida institutda ham zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun barcha sharoitlar muhayyo qilinmoqda.

Institutning zamonaviy sharoitlarga ega yangi o‘quv binosi, talabalar turar joylari, sport majmualari, shuningdek, eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalarning foydalanishga topshirilishi kelajak avlodning ilm-fan sirlarini chuqur o‘zlashtirishi, ham jismoniy, ham intellektual jihatdan yetuk bo‘lib kamol topishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Qoraqalpog‘istondagi birinchi oliy ta’lim muassasasi, 90 yildan ortiq tarixga ega pedagogika institutida o‘qishni niyat qilgan yurtimizning o‘n minglab yoshlari orasidan bakalavriatning kunduzgi va kechki ta’lim yo‘nalishlariga 2 ming 200 nafardan ortiq, magistraturaning kunduzgi va kechki mutaxassisliklariga 370 nafarga yaqin yoshlar o‘qishga tavsiya etildi.
– Bugun hayotimdagi eng unutilmas kun. Chunki men shu institut talabasiga aylandim. Bu dargoh – ilm-ma’rifat markazi, yoshlarning orzularini ro‘yobga chiqarishga zamin yaratadigan ta’lim maskani. Men bir necha yildan buyon Yoshlar ittifoqi tizimida sardor sifatida faoliyat yuritib kelaman. Aynan shu yo‘nalishdagi faoliyatim tufayli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan institutning “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. Mazkur dargohdan O‘zbekiston Qahramonlari, akademiklar, davlat va jamoat arboblari yetishib chiqib, xalqimizga xizmat qilgan. Men ham ularning yo‘lini tutib, ushbu o‘quv yurtida tahsil olishni maqsad qilgan edim. Bugun o‘z maqsadimga erishdim. Albatta, institutda bilim va ko‘nikmalarimni yanada takomillashtirib, kelgusida mamlakatimiz ta’lim sohasining rivojiga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman, – deydi Qiyos Yerejepbayev.

Tadbirda so‘zga chiqqan nuroniy ustozlar, institutga imtiyozli va yuqori ball bilan davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan yoshlar yurtimizda yoshlarning oliy ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, ilm-fan bilan shug‘ullanib, o‘z qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan sharoitlarni ta’kidlab, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Institutda yangi o‘quv yili “Mustaqillik darslari” va “Tanishtiruv haftaligi” bilan davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri