Yangi o‘quv yili yangi orzular bilan boshlanadi
Jizzax viloyatida xalq ta’limi tizimida aholining alohida toifasi uchun ta’lim sifatini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev ishtirokchilarga Zarbdor tumanidagi zaif eshituvchilar, kar va soqov bolalar maxsus maktab-internatlarida amalga oshirilgan qayta ta’mirlash, jihozlash ishlari xususida batafsil ma’lumot berdi.
Prezidentimizning 2020 yil 13 oktyabridagi “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida joriy yil Zarbdor tumanidagi maxsus maktab-internatlarda keng hajmdagi tubdan qayta ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, viloyat mahalliy byudjeti hisobidan 15 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
[gallery-3619]
Natijada, 1982 va 1985 yillarda qurilgan mazkur maxsus maktab-internatlar mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida foydalanishga topshiriladi. Yangi o‘quv yilini har ikki maktab-internat bolalari tubdan yangilangan o‘quv muassasasida boshlaydi. Maktab-internatlariga Respublika “Zamin” fondi hisobidan 26 dona zamonaviy kompyuter, 2 dona interfaol sensorli disk taqdim etildi. Har ikki o‘quv muassasasining fan, sport musiqa, hunar o‘rganish to‘garak xonalari, yotoqxonalari, oshxonalari yangidan jihozlandi.
– Bu bolalarga yuksak iqtidor ato etilgan, – dedi Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev. – Ularning chizgan suratlari, yasagan buyumlari, raqs tushishlari, musiqa asboblarini mohirlik bilan chalishlari, sport musobaqalarida ko‘zlaridan o‘t chaqnab harakat qilishlarini ko‘rgan kishi havas qiladi. Lekin meni, boshqa narsa chuqur o‘yga toldiradi. Ular maktabni tamomlagach, pedagogika institutining faqat bittagina yo‘nalishida, u ham bo‘lsa o‘zlariga o‘xshagan imkoniyati cheklangan bolajonlarga saboq berish bo‘yicha oliygohda o‘qishni davom ettirishlari mumkin. Ming afsuski, ular uchun nafaqat viloyatimizda, balki respublikamizda ham boshqa oliygohlarga kirib o‘qishlari uchun imkoniyat mavjud emas. Lekin ularni bir qator hunarlarga o‘qitib, kasb-korli qilish mumkin.
Mazkur bilim dargohlarida intensiv baliqchilikni rivojlantirish, o‘quvchilarni tikuvchilik va boshqa kasblarga o‘rgatish yuzasidan amaliy sa’y-harakatlar boshlangan.
A.Qayumov.
J.Yorbekov (surat), O‘zA