Yangi ob’ektlar – yangi imkoniyatlarga qanot
Nurota tog‘ tizmalariga tutashib ketgan Zarmitanning xushmanzara tog‘lariyu bepoyon kengliklari kishiga zavq bag‘ishlaydi. Bu zamin nafaqat go‘zal tabiati, balki yer qa’rida yashirinib yotgan qimmatbaho ma’danlari bilan ma’lum va mashhurdir.
O‘tgan davrda mazkur hududda keng ko‘lamli geologiya-qidiruv, yangi konlarni ochish, ishlab chiqarish tarmoqlari, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini barpo etish, qurilish-bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda olib borildi. Hududdagi “Zarmitan”, “G‘ujumsoy”, “O‘rtaliq” konlari, 4-gidrometallurgiya zavodi, “Zarkent” konchilar qo‘rg‘oni bunyod etildi. Bunday muhim inshootlarning qad rostlashi kon-metallurgiya sanoati uchun yangi istiqbollarni ochdi.

Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan Janubiy kon boshqarmasiga qarashli yer osti konlarida ishlab chiqarish ob’ektlari foydalanishga topshirildi.
Bugun Zarkent qo‘rg‘oni obod, zamonaviy qiyofa kasb etgan. Aholini, ayniqsa yoshlarni ish bilan ta’minlash barobarida ularning munosib hayot kechirishlari uchun barcha qulayliklarga ega ko‘rkam uy-joylar va ijtimoiy soha obe’ktlari bayramona bezatilgan.

Qutlug‘ bayram arafasida qiymati 8,7 million dollar bo‘lgan “Zarmitan” konining “Asosiy” stvoli maydonida qurilgan shaxta ko‘tarish qurilmasi binosi va stvol kopyori ishga tushirildi. Buning natijasida “Asosiy” stvol gorizontlariga ishchi-xodimlar, yuklarni tushirish-ko‘tarish va qazib olingan ma’danni yuqoriga tashish uchun qulayliklar yaratiladi.

– Shu davrgacha ishlatilib kelingan shaxta ko‘tarish eski qurilmasi yer ustki sathidan 300 metr chuqurlikgacha tushardi. Endilikda 930 metr chuqurlikgacha tushish va yer quyi sathlaridagi zaxiralarni yuqoriga – yer ustki qismiga olib chiqish imkonini beradi, – deydi Janubiy kon boshqarmasi “Zarmitan” koni 1-yer osti kon qazib olish ishlari bo‘lim boshlig‘i Akbar Usmonov.

Ma’lumotlar ko‘ra, 2002 yildan kombinat tasarrufiga o‘tgan Zarmitan konida 91 ming tonna ruda qazib olingan bo‘lsa, 2020 yilga kelib 1 million 265 tonna ruda qazib olish yo‘lga qo‘yildi. Bu ko‘rsatkich 2002 yil bilan solishtirganda salkam 14 barobar yuqoridir.

Shuningdek, “G‘ujumsoy” konida maydalash-saralash texnologik tizim va ko‘chma to‘ldirish qurilmasi ham foydalanishga topshirildi. Ushbu ob’ekt “G‘ujumsoy” konining ishlab chiqarish quvvatini yiliga 100 ming tonna (650 ming tonnagacha) ruda qazib olishga oshirish” investitsion loyihasi asosida barpo etildi.
– Mazkur loyihaning foydalanishga topshirilishi kon hududlarida sodir bo‘layotgan yer sathining cho‘kishlarini oldini olish va texnika xavfsizligi ta’minlash uchun xizmat qiladi, – deydi Janubiy kon boshqarmasi “G‘ujumsoy” koni boshlig‘i Xurshid Normatov.
Shuningdek, “G‘ujumsoy” koni ma’muriy binosi yonida 250 o‘rinli maishiy inshootning qurilib foydalanishga topshirilishi ham bu yerda mehnat qilayotgan ishchi xodimlar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratish bilan birga ish samaradorligining ortishiga xizmat qilmoqda.
Tadbirlarda mazkur ob’ektlarni foydalanishga topshirishda munosib hissasini qo‘shgan muhandis-texnologlar, quruvchi va ishchi-xodimlar mehnati e’tirof etilib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Azamat ZARIPOV,
Navoiy kon-metallurgiya kombinati matbuot xizmati xodimi
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA