“Yangi Namangan shaharchasi” yangi qiyofada
Respublikamizning “Millionlik shahar” maqomiga intilayotgan ikki hududdan biri Namangan shahrida keyingi yillarda ahamiyatga molik strategik loyihalar, keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Davlatobod tumani hududida barpo etilayotgan “Yangi Namangan shaharchasi” loyihasi doirasida olib borilayotgan yirik qurilish-bunyodkorlik ishlari diqqatga molik.


Ayni vaqtda viloyatdagi tijorat banklari tomonidan ham shaharchada umumiy qiymati 1 trillion 363 milliard so‘mlik 3072 xonadondan iborat 24 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etilmoqda.
Bu tayyor xonadonlardagi shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirgan viloyat Ishchi guruhi qurilish jarayonlarini yanada tezlashtirish, ayniqsa, sifat va xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligini qayd etdi.


“Pureliving Development” mas’uliyati cheklangan jamiyat binokorlari tomonidan barpo etilishi rejalashtirilayotgan 12 qavatli turar joy binolari qurilishiga viloyat hokimi hamda nuroniylar ishtirokida “oq fotiha” berildi. Ta’kidlash joiz, ushbu bino-inshootlarning birinchi va ikkinchi qavatlari savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridan iborat bo‘ladi.
Darhaqiqat, gullar diyori Namanganga yarashib turgan “Yangi Namangan” shaharchasida ko‘p qavatli uy-joylar soni ortib, yo‘l-transport tizimlari hamda zamonaviy infratuzilmalar yaratish ishlari jadallashgani bois hudud qiyofasi kun sayin chiroy ochib bormoqda.



Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.