“Yangi Mo‘ynoq” kitob-albomining taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida “Yangi Mo‘ynoq” kitob-albomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu taqdimotdan ko‘zlangan maqsad keyingi yillarda yurtimizning eng chekka hududlaridan bo‘lgan Mo‘ynoq tumanida yuz bergan tarixiy o‘zgarishlar va bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy islohotlar nafasi, yangilanish jarayonlari mazmun-mohiyatini xolis va ta’sirchan tarzda yetkazish, yosh avlodni yanada faol va tashabbuskor bo‘lishiga undashdan iboratdir.
Tadbirda qayd etilganidek, bugun yurtimizning har bir go‘shasida, jumladan, Mo‘ynoq tumanida ham amalga oshirilgan ishlarning ko‘lami, mazmun-mohiyati o‘n yilliklar salmog‘iga tengdir. “Qatrada quyosh aks etadi” deganlaridek, barcha sohada rivojlanishning keng yo‘llariga chiqib borayotgan Yangi Mo‘ynoq aholisining bugungi hayoti, taqdiri bosh tamoyil bo‘lgan “Hamma narsa inson va uning manfaatlari uchun” degan shiorda o‘z ifodasini topmoqda.
“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan shior asosida nishonlanayotgan mustaqilligimizning 32 yillik tantanalari arafasida o‘tkazilayotgan bugungi tadbir ham Yangi O‘zbekistonda kundalik haqiqatga aylanib borayotgan yangi hayot odimlari bilan bog‘liq.
Tadbir doirasida “Yangi Mo‘ynoq” kitob-albomi taqdimotiga oid musiqiy kompozitsiya namoyishi o‘tkazildi.
Shuningdek, taqdimot tadbirida “Yangi Mo‘ynoq” kitob-albomida aks etgan Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning maqsadi, mazmun-mohiyati hamda ustuvor yo‘nalishlari xususida batafsil so‘z yuritildi.
Tadbirda ishtirok etgan bir guruh olimlar, shoir va yozuvchilar tomonidan “Yangi Mo‘ynoq” kitob-albomida bugun aynan mamlakatimiz taraqqiyoti va jamiyatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar aks etgani to‘g‘risida fikrlar bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, xususan, Mo‘ynoqqa qilgan har bir tashrifi hudud hayotida yangi-yangi o‘zgarishlarga sabab bo‘layotir. Buning natijasida ilgari misli ko‘rilmagan ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimizning bir parchasi bo‘lgan ushbu tumanda amfiteatr va Davlat xizmatlari markazi qurildi. Madaniyat markazi va stadion, turar-joy binolari, oilaviy poliklinikalar, maktablar, bog‘chalar, zamonaviy kutubxonalar, muzeylar, musiqa va sport maktablari barcha zaruriy jihozlar bilan ta’minlanib, aholiga xizmat qilmoqda. Ulug‘ ajdodlar mangu qo‘nim topgan joylar qayta ta’mirlandi, obod qilindi, xalqning sevimli ziyoratgohlariga aylandi. Bugungi kunda Mo‘ynoq tumani kichkintoylarining qariyb 90 foizi bog‘chalarda ta’lim-tarbiya olmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish kerakki, “Yangi Mo‘ynoq” kitob-albomida nafaqat Mo‘ynoq tumani, balki butun mamlakatimizning ijtimoiy davlat sifatidagi yangicha konstitutsiyaviy maqomi, ma’rifatli jamiyat barpo etish yo‘lidagi samarali sa’y-harakatlari o‘z ifodasini topgan. Kitob-albomda aks etgan yangilanish sur’atlari, ezgu g‘oya va tashabbuslar buning amaliy isbotidir.
N.Usmonova, O‘zA