Yangi Markaziy Osiyo: devor emas, ko‘prik barpo etilmoqda
Munosabat

Bugungi kunda Markaziy Osiyo tarixida yangi sahifa ochilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning chuqur tahlil va strategik qarashlarga asoslangan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasida ta’kidlanganidek, mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borish uchun mustahkam poydevor yaratayotgan o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda. Bu jarayon, shubhasiz, birgalikda taraqqiyot sari intilishni ifodalaydi va tarixiy ahamiyatga ega.
Bu dadil qadamlar nafaqat siyosiy yoki iqtisodiy hamkorlikni, balki ma’naviy uyg‘unlik va umumiy qadriyatlarga tayangan jipslashuvni ham anglatadi. Chunki xalqlarimizni birlashtirayotgan asosiy kuch – umumiy tarix, umumiy madaniyat va umumiy ma’naviy ildizlardir.
Mintaqadagi barqarorlik va ishonch muhiti, avvalo, xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlik tufayli qaror topmoqda.
Bugun Markaziy Osiyo davlatlari diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va o‘zaro hurmatni davlat siyosati darajasiga ko‘targan. Bu esa mintaqada tinchlik va hamjihatlikni ta’minlovchi asosiy omillardan biridir.
Maqolada ta’kidlanganidek, Yangi Markaziy Osiyo tinchlik, barqaror taraqqiyot va yaratuvchan sheriklik yo‘lini tanlamoqda. Ramziy ma’noda aytganda, devor emas, ko‘prik barpo etilmoqda. Bu g‘oya nafaqat iqtisodiy yoki siyosiy, balki ma’naviy-ma’rifiy mazmunda ham katta ahamiyat kasb etadi.
Aslida din insonlarni ezgulikka, hamjihatlikka, mehr-oqibat va bag‘rikenglikka chorlaydi. Demak, diniy soha vakillari bu jarayonda xalqlarni yaqinlashtiruvchi, tinchlik-osoyishtalik va do‘stlikni mustahkamlovchi ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarishlari zarur. Zero, mintaqadagi umumiy osoyishtalik, radikalizm va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashda din arboblari, ulamolar va soha mutaxassislarining mas’uliyati beqiyos.
Shunga asosan, Yangi O‘zbekistonda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va diniy ta’lim muassasalari qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar ongida bag‘rikenglik va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Shu ma’noda, Markaziy Osiyo davlatlarining ushbu sohadagi tajriba almashish amaliyotini yanada kengaytirish — mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.
Prezidentimizning maqolasida ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyo dunyoning eng yosh mintaqalaridan biri bo‘lib, aholisining o‘rtacha yoshi atigi 29 yoshni tashkil etadi. Bu — ulkan demografik salohiyat. Endigi asosiy vazifa — yosh avlodni ilmli, ma’rifatli, vatanparvar qilib tarbiyalash, ular qalbida bag‘rikenglik va insoniylik ruhini mustahkamlashdir.
Bu jarayonda, shubhasiz, diniy-ma’rifiy soha vakillarining o‘rni beqiyos. Ular yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalardan asrash, ular qalbida ezgulik va insoniylik fazilatlarini qaror toptirishda mas’ul hisoblanadilar.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bugun mintaqadagi barcha mamlakatlar tinchlik va hamjihatlik yo‘lida bir maqsad atrofida jipslashmoqda. Bu jarayonning markazida ishonch, hamjihatlik va umumiy ma’naviy yuksalish tamoyillari turibdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning mazkur maqolasi nafaqat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa sohalardagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beruvchi strategik dastur, balki Markaziy Osiyo xalqlarining ma’naviy birdamligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim ideologik manba sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi. Unda ilgari surilgan g‘oyalarning izchil amalga oshirilishi, shubhasiz, mintaqada barqaror tinchlik, o‘zaro hamjihatlik va umumiy farovonlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, Yangi Markaziy Osiyoning mushtarak maqsadlari aynan shuni ifoda etadi.
Sodiq TOSHBOEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi