Yangi loyihalar uchun milliardlar ajratiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 27 yanvarida qabul qilingan “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan. Bu hujjatda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining 413 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘i tijorat banklari orqali kreditga yo‘naltirilishi qayd etilgan.
– “Mikrokreditbank”, “Agrobank” va AT “Xalq banki” bilan birgalikda avval ajratilgan kredit mablag‘larining so‘ndirilgan qismi hisobidan yangi loyihalar uchun kredit mablag‘lari ajratiladi, – deydi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijro etuvchi direktori o‘rinbosari Elmurod Bozorov. – Shuningdek, davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz mablag‘lari hisobidan 200 milliard so‘m ham ajratiladi.
Shunga ko‘ra, joriy yilning rejasi ishlab chiqilmoqda. Xususan, 32 tuman aholisiga kamida 12 ta yo‘nalishda 58 milliard so‘m ajratiladi. Ko‘chat tayyorlash issiqxonasi qurish, agrotexnika vositalari xarid qilish, muzlatgichli omborxona tashkil etish, quritish, qadoqlash va saralash uskunalarini o‘rnatish shular sirasidandir.
Bunda 450 mingta xonadon qamrab olinib, 16 gektarda ko‘chatchilik issiqxonasi, 6 400 tonna mahsulot saqlash omborxonasi, 48 000 tonna tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlash quvvatlari yaratiladi.
“Temir daftar”ga kiritilgan 8 mingdan ortiq aholi xonadonlariga, xotin-qizlar va yoshlarga ixcham issiqxonalar qurish, parranda, quyon va asalari yetkazib berish, aholi tomorqalarida to‘qsonbosti ekinlari, sarimsoqpiyoz va sabzavot ekinlari ekish hamda artezian quduqlari qazishga 76 milliard so‘m beriladi. Bunda 24 mingta xonadonga to‘qsonbosti ekinlari, sarimsoqpiyoz va sabzavot ekinlari ekish, 2-3 marotaba hosil olish imkoniyati yaratiladi.
Yana bir gap. 16 milliard so‘m Xitoy tajribasi asosida qishloq xo‘jaligi kooperativlarining ming gektardan ortiq yerlarini foydalanishga kiritish orqali 350 gektar intensiv bog‘ va uzumzor, 650 gektardan ortiq maydonga sabzavot, dukkakli, poliz va boshqa ekinlar ekishni tashkil etishga sarflanadi. Natijada 19,5 ming insonning bandligi ta’minlanib, aholi xonadonlarida o‘rtacha 20-25 million so‘mdan daromad olib, tomorqalarda yetishtirilgan 30 million dollar miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilishga erishiladi.
Shuningdek, 50 milliard so‘m mablag‘ aholi xonadonlarida limonchilik issiqxonalarini tashkil etishga ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bunda, 3 500 ta xonadonda 70 gektar yer maydonida issiqxonalar barpo etilib, 77 000 dona limon ko‘chatlari ekiladi.
Jamg‘arma “Mikrokreditbank”, “Agrobank” hamda Xalq banklari orqali avval ajratilgan kredit mablag‘larining so‘ndirilgan qismi hisobidan yig‘ilgan 165 milliard so‘mni yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun ajratadi.
Jamg‘arma bog‘lar tashkil etishda ham faol ishtirok etadi. Misol uchun, Andijon viloyatida 120 gektar, Qashqadaryo viloyatida 50 gektar, Navoiy viloyatida 35 gektar, Samarqand viloyatida 50 gektar, Farg‘ona viloyatida 50 gektar, Xorazm viloyatida 100 gektar yer maydonida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etiladi. Ular “Temir daftar”ga kiritilgan xonadonlarga kredit va lizing asosida beriladi.
Tomorqa xo‘jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlar sotilishini tashkil etish maqsadida aholi gavjum mahallalarda 5-30 tonnalik muzlatgichli omborxonaga ega 1 ming 200 ta dala do‘konlari quriladi hamda uning negizida agrotexnik tadbirlarni amalga oshiruvchi mini tomorqa xizmatlari tashkil etiladi.
Bu kabi vazifalar va rejalarning amalga oshirilishi tufayli hozirgi sinovli davrda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishga erishiladi.
Sayyora Shoyeva, O‘zA