Yangi loyihalar muhokama qilindi
Xizmat ko‘rsatish sohasi keng qamrovliligi bilan iqtisodiyotda, aholi hayotida muhim o‘rin tutadi. Bu sohada yangi ish o‘rinlarini kam xarajat bilan va tez muddatda tashkil etish mumkin. Aholi daromadlarining real o‘sishi ham, avvalo, xizmatlar rivojida seziladi.
Shu bois, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, Sirdaryo viloyatida ham.
Sirdaryo viloyati hokimi, senator G‘ofurjon Mirzayev viloyatdagi barcha sektor rahbarlari bilan seminar o‘tkazdi.
Unda Sirdaryo tumanidagi M-34 va M-39 avtomagistral yo‘li oralig‘i hududida hunarmandchilik, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, umumiy ovaqatlanish, avtomabillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi va mehmonxona kompleksining yangi qurilish loyihalari muhokama qilindi.

Barpo etiladigan xizmat ko‘rsatish hamda savdo kompleksida har bir tuman, shahar hokimliklarining hissasi bo‘lishi ta’kidlandi.
Shuningdek, viloyat hokimi tomonidan mazkur kompleksni barpo etishda yo‘l, elektr energiyasi, xizmat ko‘rsatish binolarini pardozlash masalalariga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlanib, tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Mazkur seminardan so‘ng Sirdaryo, Sayxunobod, Boyovut tumanlarida bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA