Yangi loyihalar amalga oshiriladi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova va K.Adenauer nomli jamg‘armaning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Ronni Xayne uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda olib borilayotgan inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bog‘liq islohotlar hamda erishilgan yutuqlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida qiynoqlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgani, Ombudsman instituti zimmasiga qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, inson huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatlash bo‘yicha qator vazifalarni yuklash bilan birga, uning vakolatlarini kengaytirish masalasini ham ilgari surilayotgani Vakil tomonidan qayd etildi.
Ronni Xayne so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lgani va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu kengashning 46-sessiyasida qilgan ma’ruzasi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori darajada baholanganligini ta’kidladi.
Suhbat davomida R.Xayne 2021 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan joylarda o‘quv-seminarlarni tashkil etishda hamda Ombudsmanning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi faoliyati samaradorligini oshirishda doimo hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.
Konstruktiv va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar yangi loyihalar xususida fikr almashdi.
O‘zA