“Yangi kun”dan yangi imkoniyatlar sari
Inson hayotida e’tibor va mehrning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, doimiy g‘amxo‘rlik va ko‘makka ehtiyoj sezadigan insonlar uchun bunday e’tibor ularning kundalik hayoti, ijtimoiy faolligi va yangi ko‘nikmalarni egallashida muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkent viloyatida yo‘lga qo‘yilayotgan "Yangi kun" kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi tegishli qarori bilan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati tashkil etilib, amaliyotga joriy qilinmoqda. Davlat-xususiy sheriklik asosida yo‘lga qo‘yilgan mazkur xizmat nogironligi bo‘lgan shaxslarni kunduzgi vaqtda qarab turish va parvarishlash, ularning ijtimoiylashuviga ko‘maklashish hamda reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirishga qaratilgan.
Xizmatni tashkil etish bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi hamda tadbirkor o‘rtasida tegishli bitim imzolanib, “Yangi kun” xizmati zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Hozir O‘rta Chirchiq tumanida tashkil etilgan mazkur xizmatga 12 nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qiz jalb etilgan. Bu yerda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, turli ko‘nikmalarini rivojlantirish, muloqot doirasini kengaytirish va jamiyatga moslashuviga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

— Qizim Dilfuza Bektoyeva 27 yoshda, — deydi Zubayda Ismoilova. — Bu yerga kelib, har kuni tikishni, ovqat qilishni, rasm chizishni o‘rganmoqda. Hozir dugonalar orttirib, ularga qo‘shiladigan bo‘ldi. Bundan minnatdorman. Ishonamanki, davlatimiz tomonidan qilinayotgan bu kabi sa’y-harakatlar o‘z natijasini ko‘rsatadi. Zero, bu yerda gap faqat kunduzgi parvarish haqida emas, balki insonning o‘z qobiliyatini namoyon etishi, yangi ko‘nikmalarni egallashi, muloqot qilishi va o‘zini jamiyatning bir qismi sifatida his etishi uchun sharoit yaratish haqida bormoqda.
Aslida “Yangi kun” nomining o‘zida ham chuqur ma’no mujassam. Bu maskanga qadam qo‘ygan har bir inson uchun yangi kun yangi imkoniyat, yangi muloqot va yangi ko‘nikmalar sari tashlangan qadamdir. Bunday xizmatlarning yo‘lga qo‘yilishi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish bilan birga, ularning yaqinlari uchun ham muhim ijtimoiy ko‘mak bo‘lmoqda.
Eng muhimi, e’tibor, mehr va g‘amxo‘rlik muhitida insonning qadrini his qilishi, o‘z imkoniyatlarini namoyon etishi va jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashi uchun yana bir imkoniyat yaratilmoqda.
A.Musayev,O‘zA