Yangi kodeks muhokamasiga bag‘ishlandi
Nukusda O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Nukusda O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bojxona boshqarmasi mutaxassislari, tegishli vazirliklar, huquqni muhofaza qilish idoralari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, tadbirkorlik subyektlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda yangi tahrirdagi kodeksning umumiy qoidalari, ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi ahamiyati, bojxona nazoratini amalga oshirish, to‘lovlarni undirishning yangi tartiblari to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritildi.
Ma’lumki, mamlakat iqtisodiyotining dunyo bozori bilan integratsiyalashuvida bojxona nazorati tizimi muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur kodeks axborot texnologiyalari asosida bojxona nazoratini boshqarish, tartib-qoidalarni soddalashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan bojxona organlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning yangi modelini yaratishga xizmat qiladi.
– Kodeksda tartibga soluvchi ba’zi bir me’yorlarni qisqartirish orqali bojxona organlari faoliyatini yanada takomillashtirish nazarda tutilgan, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari X.Fayzullayev. – Unda oshkoralikni ta’minlash, tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha kafolatlar berish, avtotransport vositalarining bojxona hududiga kirib kelishi va chiqib ketishida rasmiylashtiriladigan hujjatlar ro‘yxati to‘liq ko‘rsatilgan.
Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyat samaradorligini yanada oshirish, ichki bozorni sifatsiz va kontrabanda mahsulotlardan ishonchli himoya qilish, tadbirkorlarning o‘z mahsulotini eksport qilishi borasidagi imkoniyatlarni yanada kengaytiradi.