Yangi istiqbolli kon o‘zlashtirilmoqda
Navoiy viloyati markazidan qariyb 300 km olisda – Markaziy Qizilqumning shimoliy kengliklarida joylashgan Tomdi tumani hududidagi “Aktau” koni o‘zlashtirilmoqda. Uch bosqichdan iborat uran qazib olish loyihasining umumiy qiymati 5 million dollar bo‘lib, yuzga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
Prezidentimizning 2022 yil 14 iyuldagi “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan uran qazib olish va qayta ishlashni ko‘paytirish maqsadida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari” ro‘yxatida ushbu konni o‘zlashtirish belgilangan edi.

“Aktau” koni “Navoiyuran” davlat korxonasi balansidagi yigirmanchi kon bo‘lib, umumiy maydoni 52 gektarni tashkil etadigan konda hozir tajriba-sanoat ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, konning zaxiralari 15 yilgacha yetadi.
– Tajriba-sanoat ishlarini olib borishning asosiy vazifalari – uran ma’danlarini yer ostida eritmaga o‘tkazish usuli bilan qazib olish imkoniyatini aniqlash hamda asosiy geotexnologik ko‘rsatkichlar qiymatlarini olish va ishlab chiqarish rejimining optimal variantini tanlashdan iborat, – deydi “Zafarobod” kon boshqarmasi bosh geologi Murat Mirzayev. – Bu yerda 1962-1965 yillarda geologik qidiruv ishlari olib borilgan bo‘lib, uning natijasiga ko‘ra “Yuqori Eotsen” gorizonti qumli qatlamining oksidlanish zonasi chegaralarida uran mineralizatsiyasi aniqlangandi. Keyinchalik 2008-2015 yillarda “Aktau” konida “Bukantau” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi mutaxassislari tomonidan baholash va qidiruv ishlari olib borilib, yetarlicha boy uran mineralizatsiyasi rivojlanganligi aniqlandi va tajriba-sanoat ishlari boshlab yuborildi. Bu esa korxona xomashyo bazasini sezilarli darajada kengaytirdi.
Tajriba-sanoat ishlarida burg‘ulash va tayyorgarlik ishlari 2021 yilning o‘rtalarida boshlanib, 2022 yil oktyabr oyida ko‘zlangan natijaga erishildi. Bugungi kunda tajriba-sanoat ishlari natijasiga ko‘ra, yer ostida eritmaga o‘tkazish usuli bilan qazib olish imkoniyati juda samarali va unumdor ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Hozir konda mutaxassislarning nazorati ostida 1 ta mahalliy sorbsion uskunasi ishlab turibdi.
– Kon maydoni nafaqat qumliklar, iqlim sharoiti, balki ruda konlarining 500 metrgacha chuqurligi bilan ham murakkabdir, – deydi “Navoiyuran” davlat korxonasi geotexnologik bo‘lim boshlig‘i Anvar Safarov. – Konda 7 ta burg‘ilash qurilmasi ishlamoqda va tayyor burg‘ilangan quduqlarda metall olish uchun passiv oksidlash jarayoni olib borilyapti, joriy yilning fevral oyida 5-sonli mahalliy sorbsion uskunasi qurilib ishga tushirildi. Kelgusida “Aktau” konida jami 5 ta mahalliy sorbsion uskunalarning qurilishi rejalashtirilgan. Konda hozirgi kunda 95 ta so‘rib oluvchi quduqlar qazilgan bo‘lib, ularning 50 tasidan uran olinmoqda. 25 tasi uran olish uchun tayyorlash bosqichida, qolgan quduqlar ishlab chiqarishda foydalanish uchun topshirish jarayonida.
Albatta, ishchi-xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yetarlicha mehnat sharoitlarini yaratish korxona rahbariyatining birinchi galdagi vazifalaridan biridir. Bugungi kunda hududda 40 kishiga mo‘ljallangan zamonaviy jihozlangan oshxona, tibbiyot xonasi, ishchilar kiyinish va yuvinish xonalari, dam olish vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun ma’naviyat va sport xonalari, yozgi dam olish ayvoni qurildi. Qo‘rg‘oncha atrofi obodonlashtirilib, hududda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi hamda manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. 10 kilometrdan ziyod ichki yo‘llar qum-shag‘al aralashmasi bilan qoplanib, texnikalarning qatnashi uchun sharoit yaratildi.
“Aktau” konining o‘zlashtirilishi Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA