Yangi istiqbol sari ildam qadamlar
Shu kunlarda serquyosh yurtimiz aholisi eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz Mustaqilligimizning 32 yilligi shukuhi bilan yashamoqda. O‘tgan har bir yil istiqlol solnomasiga o‘ziga xos tarixiy voqea, ijtimoiy-siyosiy hayotimizda muhim o‘zgarish, iqtisodiyotimizda yangi innovatsiyalar, xalqimiz turmush darajasini oshishiga qaratilgan ezgu tashabbuslar davri sifatida bitilmoqda.
So‘nggi yillarda o‘zgarayotgan O‘zbekistonni, Yangi O‘zbekistonni dunyo yana bir bor kashf etmoqda. Boqiy qadriyatlarni tiklash, tarix silsilasida xalqimiz tomonidan avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy an’ana, asrlarni ortda qoldirib mag‘rur qad ko‘tarib turgan madaniy meros durdonalari bo‘lgan ko‘hna obidalarni asrab-avaylash zamirida bugun insonni o‘zgartirish orqali jamiyatni o‘zgartirishga harakat qilayotgan qudratli xalqqa aylandik.

Mamlakatimiz tarixan qisqa davr ichida qo‘lga kiritgan yutuqlar dunyo hamjamiyatini ham hayratga solayotgani haqiqat. Asr qurilishlari deya e’tirof etilayotgan qudratli zavodlar, zamonaviy inshootlar, ijtimoiy ob’ektlar, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari davlatimizning nechog‘lik kuch-qudrati haqida hikoya qiladi, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Ana shunday istiqlol epkinlari bizning G‘ozg‘on shahrini ham chetlab o‘tgani yo‘q.

Jumladan, 2023 yil uchun muhim bo‘lgan asosiy vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi natijasida 1 may holatiga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sanoat mahsulotlari 16,4, iste’mol mollari 8,3, pudrat ishlari 1,3 milliard so‘mni tashil etgan bo‘lsa, chakana savdo aylanmasi 21,2, qishloq xo‘jaligi 23,3, xizmatlar hajmi 7,7 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 107,2 foizga o‘sishi ta’minlandi.

Tadbirkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha 2023 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari soni 368 tani tashkil etadi. Bu ko‘rsatgich qamrov jihatdan 72 taga oshgan bo‘lsa, 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida 42 yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etildi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hokim yordamchilarining tavsiyanomasiga asosan ayni paytda 99 nafar fuqaroga 3,1 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi.

Ishsizlikni kamaytirish va aholi bandligini ta’minlash borasida ham ijobiy natijalarga erishilmoqda. Bugungi kunda G‘ozg‘on shahrida 9 050 nafar aholi istiqomat qilmoqda. Ulardan mehnat resurslari bilan band fuqarolar 4877 nafarni, iqtisodiy faollar 3 925, bandligi ta’minlangan aholi soni 3 617 nafarni tashkil etadi. Ishga joylashishga muhtojlar 308 nafar bo‘lib, ishsizlik darajasi 7,8 foizga teng. Joriy yilning yanvar-may oylarida 602 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Jumladan, qurilish, transport va kommunal sohada 28 nafar, investitsiyalar mahalliy sanoatni rivojlantirish hisobiga 57 nafar, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida 514 nafar, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 3 nafar aholi ish o‘rniga ega bo‘ldi. Shuningdek, 2023 yilning o‘tgan davrida yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, tadbirkorlik sub’ektlarini aniqlash, ularning faoliyati va tegishli ishchi-xodimlarni legallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Prezidentimizning “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida G‘ozg‘on shahrida amaliy ishlar boshlab yuborildi. Xususan, ixchamlashtirilgan shifoxona qurish, shahar markaziga boruvchi 8 kilometr ichki yo‘llarni bunyod etish, “Shayxon”, “Tumar” mahallalari hududidagi 232 aholi xonadonlari hamda “Shohimardon” ziyoratgohini sel toshqinlaridan muhofaza qilish maqsadida soyning 4,5 kilometr qismiga maxsus quvurlar o‘rnatildi.

Hududda sanoat korxonalarining uzluksiz ishlashi, yangi rejalashtirilgan loyihalarni elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida quvvati 25 mVa bo‘lgan 2 transformatorli qurilma va 12 metr uzunlikdagi 2 zanjirli 110 kVa quvvatli elektr tarmog‘ini qurish ishlari boshlangan.
“Marmarobod” MFY “Osiyo” ko‘chasidagi aholi xonadonlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida qurilish ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda 7,5 kilometr suv tarmoqlarini tortish uchun pudratchi tashkilot “G‘olib Bekzod” MCHJ tomonidan 2 kilometr qazish ishlari yakuniga yetdi. 5,5 kilometr d-110 va d-76 sig‘imdagi suv quvurlari olib kelinib, ularni joylashtirish ishlari qizg‘in pallada.
2023-2025 yillarda “TOMDI AKTAU NERUD” MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan 20 million AQSH dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirish hisobiga marmar va granit chiqindilarni qayta ishlash rejalashtirilayotgan bo‘lsa, xuddi shunday “MINERALS TRADING” MCHJ qo‘shma korxonasida 10 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish maqsad qilingan.
Joriy yilda hududiy investitsiya dasturiga asosan sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy qiymati 36,3 milliard so‘mlik 22 loyiha ishga tushirilishi natijasida 88 yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
“MARBLE-PRODUCTS-BUSINESS” MCHJ tomonidan marmar toshlarni qazib olishni tashkil etish investitsiya loyihasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1 million AQSH dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladi.
Xitoylik tadbirkor JI QIUHA bilan hamkorlikda Xubey provinsiyasi Enshi shahri bilan G‘ozg‘on shahri o‘rtasida birodarlik memorandumi tuzish bo‘yicha kelishib olindi.
Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. Eng muhimi, fuqarolarimiz tafakkurida kechayotgan o‘zgarishlar yurtimizning qiyofasida namoyon bo‘lmoqda. Bunday o‘zgarishlarning tub ildizi esa amalga oshirilgan keng miqyosli islohotlardan iboratdir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Azim Bozorov,
G‘ozg‘on shahar hokimi
O‘zA