Yangi ish o‘rni yaratish muhim vazifa
Buxoro shahridagi S.Ayniy mahalla fuqarolar yig‘ini eng ko‘p sanoat korxonalari joylashgan hudud hisoblanadi. 300 dan ortiq sanoat korxonalari faoliyat olib borayotgan mazkur zonada 15 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan.
Tadbirkor Ochilov Hojimurod rahbarligidagi “Delux Fabric” korxonasi ham aynan shu hududda joylashgan.
Korxona ko‘ylakbop mato, satin, oliy sifatli matolar va dastro‘molcha ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Dastlab 10 nafar ishchi bilan faoliyat boshlagan korxonada ayni kunda 300 dan ortiq ishchi xodim mehnat qilmoqda. So‘nggi besh yillikda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga hukumatimiz tomonidan berilgan qator imtiyozlar samarasi sifatida korxonaga ajratilgan investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 2 million AQSH dollarga teng loyiha amalga oshirildi. Korxona Yevropa talablariga mos mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Zamonaviy to‘quv dastgohlari asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotning 90 foizi Polsha, Belgiya, Ukraina, Germaniya kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Eksport hajmi yiliga 1,5 million AQSH dollarni tashkil etadi.

2020 yilda eksportchi korxonalarga berilgan mahsulot ishlab chiqarish va xom ashyo bilan ta’minlashda asosiy omil bo‘lgan aylanma mablag‘ uchun imtiyozli kredit mablag‘larining ajratilishi korxona eksport faoliyatida samarali rol o‘ynadi. Ta’kidlash joizki korxona 2020 yilda eksport prognoz ko‘rsatgichlarini 212 foizga bajardi.
Respublikamizda xom ashyo bazasini kengaytirish va uni qayta ishlashni chuqurlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va yuqori texnologiyalarni keng jalb qilish, investitsiya loyihalarining ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini ta’minlash, shu asosda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish hamda hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida aniq vazifalar belgilangan.
Prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Mazkur hujjat ijrosi doirasida Buxoro shahrida 7 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Bu borada 37,2 million dollarga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilishi belgilangan.
Zarif Komilov, O‘zA