Yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda
“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgan boʻlib, koʻplab yangi korxonalar ishga tushirildi.
“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgan boʻlib, koʻplab yangi korxonalar ishga tushirildi. Quvonarlisi, ularda mehnat qilayotganlarning aksariyatini yoshlar tashkil qiladi.
Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida bu yerda “Yoshlar markazi” tashkil etildi. Markazning asosiy vazifasi uyushmagan yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatish, qayta tayyorlash, ish beruvchi talab va istaklari asosida malakali mutaxassislar tayyorlab berishdan iborat. Shuningdek, markaz ishlab chiqarish tarmoqlarida mehnat qilayotgan yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida turli sport musobaqalari, koʻrik-tanlovlar tashkil etmoqda.
Bir necha kunning oʻzida 30 nafar mahalliy yosh markaz tavsiyasi asosida iqtisodiy zonadagi korxonalarga ishga joylashdi.
– Uchkoʻprik tumanidagi sanoat kasb-hunar kollejini tamomlaganman, – deydi Risolat Mahmudova. – Ish topishda biroz qiynaldim. “Qoʻqon” iqtisodiy zonasida yoshlar markazi tashkil etilganini eshitib, bu yerga keldim. Ularning tavsiyalari bilan “Great Kokand” korxonasida ishlayapman.
Hozirga qadar “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida 34 ta loyiha amalga oshdi. Oʻtgan yilda 891 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 10 million AQSH dollari miqdorida eksport qilindi, 2000 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
– Joriy yilning yanvar oyidayoq 133,3 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 2,5 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarimiz eksportga yoʻnaltirildi, – deydi “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi direktori Faxridin Rahmonov. – Hozir yana 48 ta yangi loyihani ishlab chiqarishga joriy etish ustida ish olib borilmoqda. Bu ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish bilan birga, 5 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratish imkoniyatini beradi.