Yangi innovatsiyalar talabalar muhokamasida
Toshkent shahridagi Inha universitetida axborot tizimlari va dasturlar ishlab chiqish, yoshlarning AKT sohasidagi innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Toshkent shahridagi Inha universitetida axborot tizimlari va dasturlar ishlab chiqish, yoshlarning AKT sohasidagi innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.Anjumanda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi vakillari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirok etdi.
Universitet rektori Sh.Shermatov, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Uzmobile filiali direktori Sh.Qodirov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda ilmiy izlanishlar va innovatsiya faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani yangi g‘oya va loyihalarni hayotga izchil tatbiq etish va iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Bugun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab oldi. Natijada mazkur soha bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan talab ortib bormoqda.
Toshkent shahridagi Inha universitetida komputer va dasturiy injiniring yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bu yerda barcha darslar ingliz tilida o‘tiladi. Mutaxassislik bo‘yicha asosiy fanlarni o‘qitishga Janubiy Koreyadan professorlar jalb etilgan.
Seminarda universitet qoshida tashkil etilgan Innovatsiyalar va sanoat kooperatsiyalari markazi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur markaz talabalarning ilmiy-tadqiqot va innovatsion salohiyatini oshirish, ularni dasturiy mahsulotlar yaratishga jalb qilish, ilg‘or g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashadi.
– 2008-yildan buyon AQShda Google I/O konferensiyasi o‘tkazib kelinadi, – deydi universitet talabasi Nuriddin Iminoxunov. – Mazkur konferensiyada kompaniyaning eng so‘nggi innovatsion mahsulotlari, texnologik yangiliklar namoyish qilinib, dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchilarning muloqoti tashkil etiladi. Anjumanda biz joriy yilgi Google I/O konferensiyasida taqdim etilgan ma’ruzalar, O‘zbekiston bozoridagi eng so‘nggi dasturiy ilovalar va yangiliklar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik.