Yangi innovatsion loyihalar hududlarni rivojlantiradi
Toshkent viloyati Nurafshon shahrida yangi “Raqamli innovatsiyalar vodiysi” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muhim muzokaralar o‘tkazildi.
Shu munosabat bilan shahar hokim Ilhom Qilichxanov Osiyo taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashib, 2027-2030-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik “Digital innovation valley” loyihasini muhokama qildi. Muloqotda Raqamli texnologiyalar vazirligi Toshkent viloyati bo‘linmasi boshlig‘i X. Yo‘ldoshev ham qatnashdi.

Mazkur loyiha umumiy 35 gektar hududni qamrab oladi. Unda IT Park, innovatsiyalar markazi, ilmiy-tadqiqot institutlari, zamonaviy laboratoriyalar, konferensiya zallari, ta’lim binolari hamda turar joy infratuzilmasi barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, loyiha doirasida qiymati 200 million AQSH dollari bo‘lgan sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha milliy markaz tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Muhimi, ushbu sa’y-harakatlar natijasida 500 ta ilmiy va innovatsion loyihalar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, 160 ta texnologik prototiplar yaratiladi, 100 ta turli startaplar shakllantiriladi. Sohaga oid 10 million dollar xususiy investitsiyalar jalb qilinadi va 40 ta texnologik yechim tijoratlashtiriladi. 10 ta startap xalqaro bozorlarga chiqadi.

Uchrashuvda tomonlar loyihani dastlabki tashkiliy jarayonlari, joy tanlash va zaruriy kommunikatsiyalar bilan ta’minlanishi, shuningdek, loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish borasidagi takliflarni ko‘rib chiqdi. Hududda zamonaviy innovatsion ekotizim yaratish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Ma’lumki, Prezidentimiz 8-aprel kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda ham mazkur yo‘nalishdagi tashabbus va amalga oshirilayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlagan edi.
A.Musayev,O‘zA.