Yangi bojxona posti ishga tushdi
Mamlakatimizda jahon andozalariga mos milliy bojxona xizmati shakllantirilgani iqtisodiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Bu jarayonda sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bilimli va salohiyatli kadrlar bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratilayotir.
Mamlakatimizda jahon andozalariga mos milliy bojxona xizmati shakllantirilgani iqtisodiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Bu jarayonda sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bilimli va salohiyatli kadrlar bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratilayotir.Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yil 10-avgustdagi “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bunda dasturilamal bo‘lmoqda.
Yangi yil arafasida Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Yangiyo‘l” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining yangi binosi ishga tushirilgani bu boradagi navbatdagi qadam bo‘ldi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, bojxonachilar, tadbirkorlar ishtirok etdi.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Ya.Mirzarahimov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida bojxona xizmati tizimida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani natijasida soha faoliyati takomillashib, uning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotganini ta’kidladi.
Chinoz tumanida joylashgan “Yangiyo‘l” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida bojxonachilarning samarali xizmat ko‘rsatishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Bu yerda bojxona rasmiylashtiruvi va bojxona ko‘rigini amalga oshiruvchi xodimlar uchun qulay xonalar, zamonaviy mebel jihozlari, eng so‘nggi rusumdagi axborot texnologiyalari bojxonachilar tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga yuksak darajada bojxona xizmati ko‘rsatilishini ta’minlashda katta rol o‘ynaydi. Eng muhimi, bojxona rasmiylashtiruvini yanada tezlashtirishga, bu orqali tadbirkorning vaqt va mablag‘ini tejashga hissa qo‘shiladi.
Bojxona postida tadbirkorlar uchun eksport va import operatsiyalarini amalga oshirish uchun “bir darcha” xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Elektron deklaratsiyalash amaliyotining joriy qilingani tadbirkorlarga o‘z idorasida turib bojxona organlariga yuk deklaratsiyasi va boshqa tegishli hujjatlarni taqdim etish imkoniyatini bermoqda.
Mazkur postda 2015-yilda 6 mingdan ortiq bojxona yuk deklaratsiyasi elektron shaklda rasmiylashtirilib, davlat byudjetiga undirilgan to‘lovlar miqdori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshishiga erishildi. Yangi binoda faoliyat ko‘rsatayotgan sakkizta bojxona brokerlik firmasi uchun ham barcha qulaylik yaratilgan. Bu yerda bir vaqtning o‘zida o‘ttizga yaqin tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi yuklarining temir yo‘l va avtotransport vositalari orqali import va eksportga rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi.
Sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlik bojxona organlari xodimlarini zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarishga, Vatanimiz oldidagi muqaddas burchini sharaf bilan ado etishga va bildirilgan ishonchni oqlashga rag‘batlantiradi.