Yangi bino imkoniyatlarni yanada oshirdi
“Sirdaryo” teleradiokanali yangi binoda ish boshladi. Ayni paytgacha u moslashtirilgan sharoitda faoliyat yuritar edi.
– Yangi binoning me’moriy yechimi va ichki tuzilishida teleradio sohasining barcha zamonaviy talablari hisobga olindi, – deydi “Sirdaryo” teleradiokanali direktori Zafar Darxonov. – Ijodiy jarayon, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirlar, montaj va ovoz yozish ishlari uchun alohida xonalar ajratilgan. Bu yanada samarali faoliyat yuritishda muhim ahamiyat kasb etadi.



Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi bino tufayli studiyalar maydoni bir necha barobarga kengaygan. Masalan, radiostudiyaning hajmi 50 kvadrat metrni, axborot dasturlari uchun mo‘ljallangan ijodiy maydon esa 150 kvadrat metrni tashkil etmoqda. Eng yirik ko‘rsatuvlar uchun 450 kvadrat metrli tok-shou studiyasi foydalanishga topshirildi. Montaj xonalari, ovoz yozish studiyalari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirni olib borishga mo‘ljallangan platformalar ham zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Hozirda binoning texnik va texnologik jihozlanishi bosqichma-bosqich davom etmoqda.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri