Yana ikkita kumush medal
Tailand poytaxti Bangkok shahrida erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha davom etayotgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Tailand poytaxti Bangkok shahrida erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha davom etayotgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.Yunon-rum kurashi bo‘yicha Dilshod Turdiyev kumush, Aram Vardanyan bronza medalini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha navbatdagi kungi bahslarda hamyurtlarimiz yana ikkita kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Vazni 71 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasida Nurbek Xolmuhammadov chorak finalda Xitoy taypeyilik Kay-Ksiang Xuni, yarim finalda xitoylik Ridong Jangni yengib, shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi.
85 kilogrammgacha og‘irlikdagi kurashchilar o‘rtasida yana bir polvonimiz Muhammadali Shamsiddinov Janubiy Koreya vakili Jinsung Park va eronlik Yusuf Ahmad Gaderian ustidan g‘alaba qozonib, ikkinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasidan ma’lum qilinishicha, yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari uchta kumush va bir bronza medal bilan umumjamoa hisobida 22 davlat terma jamoasi o‘rtasida to‘rtinchi bo‘ldi.
Endi sportchilarimiz xotin-qizlar kurashi va erkin kurash bahslarida ishtirok etadi.