Yana bir qoʻshma korxona
Toshkent viloyati Ohangaron shahrida Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligida yana bir qoʻshma korxona tashkil etiladigan boʻldi.
Toshkent viloyati Ohangaron shahrida Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligida yana bir qoʻshma korxona tashkil etiladigan boʻldi.Sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxonaga tamal toshi qoʻyilishi munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi. Unda Rossiyaning “Yevrotsement grup“ xolding kompaniyasi, “Oʻzqurilishmateriallari“ aksiyadorlik jamiyati masʼullari, soha mutaxassislari, quruvchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida yurtimiz soʻnggi yillarda ulkan qurilish-bunyodkorlik maydoniga aylanib borayotgani, yangi korxona mahsulotlari esa ichki bozorning sifatli qurilish mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Shuningdek, rossiyalik mutaxassislar tomonidan mazkur korxona Markaziy Osiyo mintaqasida eng yirik, shu bilan birga, zamonaviy, xususan, ishlab chiqarish jarayoni toʻliq avtomatlashtirilgan, energiya tejovchi va atrof-muhitga salbiy taʼsiri kamligi bilan yagona boʻlishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Rossiyaning “Yevrotsement grup“ xolding kompaniyasi va “Oʻzqurilishmateriallari“ aksiyadorlik jamiyati hamkorligidagi mazkur loyihaga 160 million dollardan ortiq investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Bu yiliga 3 million tonna mahsulot ishlab chiqarish imkonini yaratadi. Majmua 20 oyga yetmasdan foydalanishga topshiriladi.
Taʼkidlash joizki, mazkur loyiha “Ohangaronsement“ AJ ishlab chiqarish maydonida rossiyalik ishbilarmonlar tomonidan tashkil etilayotgan qurilish materiallari ishlab chiqarish klasterining bosh boʻgʻini boʻlib, loyiha doirasidagi ikkinchi korxona hisoblanadi. Birinchi korxona oʻtga chidamli gʻisht ishlab chiqarish majmuasi oʻtgan yili barpo etilgan.