Yana bir dovon zabt etildi
Samarqand avtomobil zavodida yigirma minginchi avtomobil ishlab chiqarildi.
Samarqand avtomobil zavodida yigirma minginchi avtomobil ishlab chiqarildi.
Prezidentimiz rahnamoligida mustaqillikning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda avtomobilsozlik sanoatini yo‘lga qo‘yish, mazkur yo‘nalishda milliy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar bugun yuksak samaralar bermoqda. Ayni paytda yurtimizda ishlab chiqarilayotgan yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar xorijiy davlatlarga ham eksport qilinmoqda.
1999-yilda tijoriy faoliyatini boshlagan va 2006-yilda “Samarqand avtomobil zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati (“SamAvto” MChJ) nomi ostida qayta tashkil etilgan mazkur korxonada Yaponiyaning “ISUZU Motors Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda “ISUZU” shassisi asosida harakatlanuvchi avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda zavod mahsulotlarining modellari qatoriga M3 turkumining I va II toifali avtobuslari, jumladan, past tubli shahar avtobusi, N seriyasiga kiruvchi yuk tashish va maxsus avtomobillar (yuk ko‘tarish qobiliyati 5000 kilogrammgacha bo‘lgan N2 toifali avtomobillar), ishlab chiqarilgan va o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan 30 dan ortiq kuzovlarni o‘z ichiga olgan F seriyali avtomobillar kiradi.
Yana bir muhim jihati, Respublikamiz hukumati qarori asosida 2011-yildan Samarqand avtomobil zavodi siqilgan tabiiy gazda ishlovchi dvigatellar o‘rnatilgan avtomobillar ishlab chiqara boshladi. Bu hozirda dunyo miqyosida tabiiy gazni avtomobil yoqilg‘isi sifatida ishlatish tendensiyasi tobora kuchayib borayotgan bir paytda mamlakatimiz avtosanoatining zamon bilan hamqadam taraqqiy etayotganidan dalolatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 3-dekabrdagi 315-sonli qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan loyihaga ko‘ra, korxona 2014-2015-yillarda siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi bir mingdan ziyod chiqindi tashish avtomobillarini ishlab chiqarish uchun buyurtma oldi. Shuningdek, siqilgan tabiiy gazda ishlovchi yana uch xil kuzovga ega avtomobillar – furgon, bortli va o‘zi-ag‘dargichlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida yurtimizdagi bir qator obodonlashtirish boshqarmalari va maxsus sanitar tozalash xizmatlari avtomobil parki yangilanadi.
Samarqand avtomobil zavodining yigirma minginchi avtomobili – ISUZU NPR82 mashinasi ham siqilgan tabiiy gazda harakatlanadi.
Avtomobilning taqdimot marosimida “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va ISUZU Motors, Itochu Corporation kompaniyalari vakillari so‘zga chiqib, mahsulotning yuqori texnologik ko‘rsatkichlari va zamonaviy ko‘rinishini e’tirof etdi. Korxonada ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishdagi ahamiyatiga to‘xtaldi.
– O‘zbekiston avtosanoati jadal rivojlanib borayotgan mamlakatlardan biridir, – dedi ISUZU Motors Ltd ijrochi prezidenti Takanobu Furuta. – Hamkorlikda amalga oshirayotgan loyihalarimiz misolida bunga o‘zimiz ham guvoh bo‘lib turibmiz. Xususan, Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan turli rusumdagi zamonaviy avtomobillar xalqaro standartlarga to‘la javob beradi. Korxonaning bugun konveyyerdan chiqqan yigirma minginchi avtomobilining siqilgan tabiiy gazda harakatlanishini ham alohida mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman. U yevro-standartlarga javob beruvchi ekologik transportlarning yangi avlodidir.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Samarqand avtomobil zavodi ISO 9001, ISO 14001, OHSAS 18001 standartlariga javob beruvchi xalqaro sertifikatlarga ega.