Yaman hukumati iste’foga chiqdi
Yaman Prezidentlik rahbariyati kengashi Bosh vazir Salim Solih bin Breykning iste’fosini qabul qildi va tashqi ishlar vaziri Shoya Muhsin Az-Zindoniyni yangi Bosh vazir etib tayinladi, deb yozgan “Kazinform” agentligi.
Bu qaror mahalliy SABA axborot agentligida e’lon qilindi.
Tegishli farmonga ko‘ra, endi Vazirlar Mahkamasi tarkibi qaytadan tuziladi. Hozircha amaldagi hukumat faoliyatini davom ettiradi. Rasmiy bayonotda ta’kidlanganidek, so‘nggi voqealar ayni siyosiy o‘zgarishni taqozo etdi.
Breyk Kengash raisining moliya-iqtisodiyot masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi.
2022 yil tashkil etilgan, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan jamoaviy boshqaruv organi hisoblanadigan Prezidentlik rahbariyati kengashiga Rashod Muhammad Al-Alimiy rahbarlik qilib kelyapti. Mazkur tuzilma nazorati ostidagi hukumat asosan mamlakat janubida joylashgan bo‘lib, “Ansor Alloh” harakati nazoratidan tashqaridagi hududlarni egallagan.
Aslida Yamanni kim nazorat qiladi?
Kengash va xusiylar fuqarolar urushidan buyon bir-biriga qarshi. Kengash xalqaro miqyosda tan olingan hukumatni, xusiylar esa mamlakat shimoliy va markaziy qismini, jumladan poytaxt Sanoani nazorat qiladi.
Mamlakatda yillar davomida siyosiy va ma’muriy bo‘linish tufayli mojaro davom etmoqda.
Yangi Bosh vazir tayinlanishi so‘nggi haftalarda qabul qilingan kadrlar bilan bog‘liq keng ko‘lamli qarorlardan biridir.
OAV yozishicha, so‘nggi oylarda Yamanda mamlakatning janubiy va sharqiy mintaqalari nazorati borasidagi keskinlik kuchaygan. Binobarin, nizoni hal qilishda ishtirok etayotgan mintaqaviy va tashqi ishtirokchilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ham chuqurlashmoqda.
G.Sattorova, O‘zA