“Yallama”da bojxona terminali ishga tushirildi
Toshkent viloyatining Chinoz tumanida joylashgan “Yallama” chegara bojxona postiga tutash hududda yangi zamonaviy bojxona terminali ishga tushirildi.
Terminalning tantanali ochilish marosimida Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati, bir qator vazirlik va idoralar ma’sullari, Qozog‘iston va Rossiyaning bojxona ishlari bo‘yicha O‘zbekistondagi vakillari, Toshkent viloyati hokimligi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Muxtorov so‘nggi yillarda bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, transport-logistika xizmatlarini rivojlantirish orqali tadbirkorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ushbu islohotlar orqali aholi bandligini ta’minlash borasida tizimli tadbirlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Prezidentimizning 2018 yil 24 noyabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida “Yallama” postiga tutash hududda bojxona terminalini qurish belgilangan edi.
Joriy yilning 17 fevral kuni bojxona tizimini yanada isloh qilish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda davlatimiz rahbari tomonidan mazkur hududdagi tashqi savdo markazini qisqa muddatlarda ishga tushirish yuzasidan alohida topshiriq berilgan edi.
Respublikamizning eng yirik bojxona postiga tutash hududdagi mazkur “Euroasia Transportation Logistics” xorijiy korxonasi tomonidan qurib foydalanishga topshirilgan bojxona terminali ayni shu topshiriqning amaliy ijrosi bo‘ldi.
20 gektar maydonni egallagan “Yallama” bojxona terminalida davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan bojxona, bank, logistika, tezkor laboratoriya, fitosanitar, veterinar, sanitar-epidemiologik, ekologik, muvofiqlikni baholash kabi barcha xizmatlar “Yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladi.
Shuningdek, bu yerda bir vaqtning o‘zida 500 ta yuk avtomobillarini sig‘dira olish imkoniyatiga ega hamda bepul WI-FI bilan ta’minlangan avtoturargoh, 5000 kv.m maydonda yopiq hamda 3836 kv.m maydonda ochiq bojxona omborlari, rasmiylashtiruv zali, davlat nazorati organlari uchun xizmat xonalari, savdo do‘konlari hamda boshqa bino va inshootlar mavjud.
Bundan tashqari, bojxona terminali eng zamonaviy texnik vositalar, jumladan avtotarozi, avtomobillar raqamini aniqlash va videokuzatuv tizimlari, zamonaviy kompyuter texnikalari va boshqa qurilmalar bilan jihozlangan.
Eng muhim yangiliklardan biri shundaki, bojxona terminali hududida 10 ta shtat birligidan iborat bojxona punkti tashkil etildi. Endi shundoqqina chegara bojxona postidan tovarlarini olib kirgan yoki olib chiqish istagidagi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari shu yerning o‘zida sutkaning istalgan vaqtida tashqi savdo yuklarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirishadi.
Bojxona terminalining ishga tushishi natijasida tadbirkorlarning rasmiylashtiruv va sertifikatlashtirish uchun sarflanadigan vaqt va xarajatlari tejaladi, tirbandliklar bartaraf etiladi, bojxona qonunbuzarlik holatlarining oldi olinadi. Eng asosiysi, mazkur hududda yashovchi 50 dan ziyod aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.
Yangi barpo etilgan bojxona terminalida yaratilgan shart-sharoitlar avvalambor, tadbirkorlar uchun qulay. Vakolatli idoralarga esa samarali nazoratni tashkil etishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA muxbiri