Yakuniga yetmagan qabihlik...
Qonunan rasmiylashtirilmagan nikoh oilaviy munosabatlarning huquqiy asosini ta’minlamaydi.
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yashovchi fuqaro M.N va fuqaro G.Q.ning oilasi ham ana shu sabab qisqa muddatda barbod bo‘ldi.
Gap shundaki, fuqaro M. guldek oilasi, rafiqasi va 2 nafar farzandi bo‘la turib, tumanning Muqimiy shaharchasida yashovchi G. ismli ayol bilan munosabat o‘rnatadi. U yog‘ini so‘rasangiz, G. M. singari sayoq yurgan yigitlarning ko‘nglini xushlab kun ko‘radigan juvon edi. Ammo bu yigit G. bilan bir-ikki marotaba uchrashib, unga bog‘lanib qoladi. Keyin ikki yosh shar’iy nikoh bilan turmush quradi. Binobarin, M. u bilan Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida ijarada yashay boshlaydi.
Albatta, turmush, oila, deganlari juda muqaddas tushuncha. Ya’ni oila, ro‘zg‘or faqatgina qaynoq lahzalardan iborat emas. Uning o‘ziga yarasha muammolari, pastu balandlari bor. Bunga esa har kim toqat qilolmaydi.
«Qahramon»larimizning turmushi ham xuddi shunday bo‘ladi. Aniqrog‘i, ayolning kundalik ehtiyojlarni, ro‘zg‘ordagi kamchiliklarni aytaverishi vaqt o‘tgani sayin M.ga yoqmay qoldi. Ayniqsa, u G.ning homilador bo‘lib qolganini ortiqcha tashvish, «bosh og‘riq» sifatida qabul qiladi.
Shu bois M. ayoldan boladan voz kechishni talab qilib, uni uradigan odat chiqardi. Ba’zan «Seni o‘ldiraman», deya dag‘dag‘a ham qilardi. Qolaversa, yigit sekin-asta bu manzildan qadamini torta boshladi. Bundan esa G.ning jahli chiqardi.
Yigit G.ning qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermay qo‘ydi. Ayol esa xo‘jayini bilan uning do‘sti Zarifjon orqali bog‘lanishga majbur bo‘ldi.
Oradan 4 kun o‘tib, yigit xotini onasinikida o‘tirgan mahali dabdurustdan kirib keldi. "Qani yur, uyga ketamiz", dedi u xotiniga.
Bir necha kundan buyon uni kutib o‘tirgan Gulmira ortiqcha gap gapirmay, mashinaga chiqdi. Shomga yaqinlashib qolgan edi. M. to‘g‘ridan-to‘g‘ri uyga borish o‘rniga soat 23:00larga qadar xotinini "Lacetti” mashinasida aylantirib yuradi. Yo‘l-yo‘lakay u bilan gap talashib qolib, tahdid qiladi. Xayolan esa «Shu bugun undan qutulmasam bo‘lmaydi», deydi o‘ziga-o‘zi. Keyin qabih rejasini amalga oshirish uchun “Lacetti"ni O‘zbekiston tumanining "O‘rta qishloq" mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Katta Farg‘ona kanali tomonga haydaydi. Kanal bo‘yiga borgach, G.ning ko‘krak qismi, qorni va yelkasiga musht tushirdi.
So‘ng ojizani tortib, pastga tushirib, kanalga itarib yuboradi. Suvning oqimi tez bo‘lgani bois G. kanalning o‘rtasiga borib qoladi.
"Yordam beringlar, qutqaringlar", deb baqiradi u.
Shu paytda o‘z mashinasida kanal bo‘yidagi yo‘ldan o‘tib ketayotgan M.ning pochchasi R. Mamirjonov qaynog‘asini ko‘rib to‘xtaydi va darhol kiyimi bilan suvga sakraydi. Ayolni qutqarib, uni qaynonasinikiga olib boradi.
Voqeadan xabar topgan tuman IIB tezkor xodimlari jabrlanuvchining oldiga yetib boradi. Yuz bergan ayanchli holat tafsilotlarini ipidan ignasigacha so‘rab-surishtirishadi. Natijada M.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Shu o‘rinda e’tirof etish lozimki, G. sud majlisida xo‘jayiniga nisbatan bag‘rikenglik qildi. Ya’ni u o‘ziga yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligini bildirib, eriga yengillik berilishini so‘radi. Biroq jinoyatga jazo muqarrar. Binobarin, sud sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan aybdor deb topib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.
Abrorjon OMONOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Uchko‘prik tuman sudining raisi