Yakkasaroy tumaniga Janubiy Koreya investitsiyalari jalb etiladi
O‘zbekistondagi ochiqlik siyosati samarasi o‘laroq, poytaxt tumanlaridan biri xorijiy sarmoyalarni jalb etishda yangi marralarni zabt etmoqda. Janubiy Koreyadagi muzokaralar yakunida muhim kelishuvlarga erishildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yuritilayotgan ochiqlik va shaffoflikka tayangan siyosat natijasida O‘zbekiston dunyo hamjamiyatining e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Qolaversa, to‘siqsiz o‘rnatilayotgan xalqaro aloqalar boshqaruv tizimining tubdan takomillashuvini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ana shunday imkoniyatning samarasi o‘laroq, Yakkasaroy tumanida ham investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va yirik loyihalarni amalga oshirish borasida xalqaro hamkorlik ko‘lami kengaymoqda.
Ayni kunlarda Yakkasaroy tumani hokimining o‘rinbosari – Investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi boshlig‘i Behruz Mustafoyev xizmat safari bilan Janubiy Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.
Xizmat safari doirasida Koreyaning “Somang Global” kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvda Yakkasaroy tumanida amalga oshirish ko‘zda tutilayotgan yirik investitsiya loyihalari, ularga qo‘shimcha xorijiy investorlarni jalb etish hamda loyihalarni qisqa muddatlarda hayotga tatbiq etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Quvonarlisi, muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, istiqbolli loyihalarni birgalikda ilgari surish va ularning amaliy ijrosini jadallashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi.
Uchrashuv yakunida “Somang Global” kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolangani esa hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat.
Sherbek Islomov, O‘zA