Yakkasada milliy hunarmandchilik rivojlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan shahri Yakkasada mahallasida yashovchi Hamidxon Boboyevlar oilasi yog‘och o‘ymakorligi an’analarini saqlab qolish va rivojlantirish maqsadida so‘rilar tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan.
Mazkur oila uzoq yillardan buyon yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullanib, mahalliy hunarmandchilikning asl namunalarini yaratib kelmoqda. Ular nafaqat o‘z oila a’zosi, balki qo‘shnilar bilan birgalikda ishlab, turli yog‘ochlardan milliy uslubdagi so‘rilar yasamoqda. Bu esa mahalliy aholining ish bilan ta’minlanishi bilan birga milliy hunarmandchilik an’analarining saqlanishiga ham hissa qo‘shmoqda.
Ayni paytda mahallada ushbu hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xonadonlar soni oshib, 50 ga yaqin fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Ular milliy hunarmandchilik orqali yaxshi daromad topib, o‘z turmush sharoitini yaxshilash imkoniga ega bo‘lmoqda.
Shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev mahalla hunarmand va tadbirkorlari bilan uchrashib, ularning faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuv davomida hunarmandchilikni yanada kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar berildi.
Mahallada yettilik tomonidan amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, yangi tadbirkorlik sub’ektlari va kooperatsiyalar tashkil etilishi, aholi bandligi hamda xotin-qizlar masalasiga e’tibor qaratildi.
Shahar hokimi mahalla yettiligiga bir necha muhim yo‘nalishlarda targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Jumladan, suvdan bo‘lgan debitor qarzdorliklarni undirish, elektr energiya tizimlaridan oqilona foydalanish va soliq tushumlarini o‘z vaqtida yig‘ish kabi masalalar muhokama qilindi.
[gallery-22772]
Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘inida xotin-qizlar uchun tashkil etilgan tadbirkorlik markazi faoliyati o‘rganildi. Mazkur markazni yanada rivojlantirish, yangi tadbirkorlarni jalb etish bo‘yicha mutasaddilarga zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA