Yagona milliy mehnat tizimi raqamlashtiriladi
Andijon shahridagi viloyat Yoshlar markazida yangi tahrirdagi mehnat kodeksining mazmun-mohiyati targ‘ibotiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Senati a’zolari Narimon Umarov, Matluba G‘aniyeva, viloyat hokimi o‘rinbosari Nasibullo Mo‘minov, shuningdek, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatlari, olimlar, soha mutaxassislari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, yoshlar ishtirok etgan seminarda joriy yilning 28 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan "O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida"gi Qonun bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi mehnat kodeksi mazmun-mohiyati, ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Seminarda so‘z olganlar yangi tahrirdagi mehnat kodeksi xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini ta’minlash hamda ularni muvofiqlashtirish asosida mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishini ta’kidladi.
– Milliy va xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi mehnat kodeksining hajmi amaldagisiga nisbatan qariyb uch barobar katta bo‘lib, 600 ga yaqin moddani o‘z ichiga olgan, – deydi senator Narimon Umarov. – Yangi kodeks bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishda avval e’tiborga olinmagan qator normalar bilan boyitildi.
[gallery-9476]
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan yangi mehnat kodeksining xodimlarni mehnat qilishga, erkin ish tanlashga, adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlariga hamda ishsizlikdan himoyalanishga bo‘lgan huquqining davlat kafolatlarini belgilash, ish beruvchilarning kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va samarali mehnat jarayonini tashkil etish sohasidagi huquqlari amalga oshirilishini ta’minlash, mehnat sohasida ijtimoiy sheriklikni rag‘batlantirish va rivojlantirish, mehnat bozorining samarali faoliyat ko‘rsatishiga ko‘maklashish singari asosiy vazifalari haqida keng tushunchalar berildi.
Yangi mehnat kodeksiga kiritilgan qator yangi tartib va normalar haqida ham ma’lumot berildi. Mazkur kodeks kichik biznes sub’ektlari va yakka tartibda tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan aholi mehnatini huquqiy tartibga solish imkonini beradi. Rasmiy va norasmiy tarmoqda mavsumiy ish bilan band bo‘lganlarning mehnat huquqlarini tartibga solishdagi bo‘shliqlarni to‘ldiradi, mehnat munosabatlarida korrupsiya xavfini kamaytiradi. Eng muhim jihatlardan biri ushbu hujjat asosida “Yagona milliy mehnat tizimi” raqamlashtiriladi.
Seminar ishtirokchilari yangi mehnat kodeksi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga senatorlar, mutasaddilar hamda soha mutaxassislaridan batafsil javob oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA