Xususiy tibbiyot muassasalari soni ko‘paymoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishda xususiy sektor ulushi oshdi.
Davlatimiz tomonidan yaratib berilgan qator imtiyozlar ushbu turdagi xususiy tibbiyot muassasalari sonining ortishiga, jadal rivojlanishiga imkon beribgina qolmay, davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari o‘rtasida raqobat muhiti vujudga kelishiga, tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘lamining ortishiga olib keldi.

–Bu albatta yaxshi, o‘tgan 2023 yilda o‘z faoliyatini boshlagan 12 ta xususiy tibbiyot muassasasi hisobiga Sirdaryoda faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar soni bugungi kunda 141 taga yetdi, – deydi Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Abduvali Shamatov. – Mazkur muassasalarning 109 tasida ambulator, 32 tasida esa aholiga statsionar sharoitda tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Shifo o‘rinlari soni 2940 ta, unda ishlaydigan shifokorlar soni 322 nafarga, hamshiralar soni 415 nafarga, boshqa soha vakillari soni esa 274 nafarga yetdi.

Viloyatdagi “Xanifa med”, “Ravshan davolash maskani”, “Sirdaryo – Darmon servis”, “MDT – Metan”, “Ravshan- Dil mehr”, “Sabr-Shukir”, “Abror uorlogiya”, “Donyorbek-shifo”, “Sayxun servis” kabi xususiy klinikalarda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yilgan. Amalga oshirilayotgan jarrohlik amaliyot turi 60 dan oshib ketgan bo‘lsa, xususiy klinikalarga xorijiy davlatlardan keltirilgan eng so‘nggi rusumdagi 4 ta MRT, 8 ta MSKT, 9 ta raqamli rentgen apparati, 45 ta UTT, 12 ta laparoskopiya, 32 ta laboratoriya jihoz va apparatlar hisobiga tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami ortdi.

Asosiysi, bundan ikki yil muqaddam Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat filialiga qarashli bo‘sh turgan ginekologiya binosi investitsiya kiritish sharti bilan 10 yil muddatga davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat boshlashi uchun “Doktor Abdumalik” mas’uliyati cheklangan jamiyatga berilgan edi. Ahamiyatli tomoni, investitsiya belgilangan muddatlarda tadbirkor tomonidan kiritilib, statsionar sharoitda terapiya yo‘nalishida xizmat ko‘rsatadigan 41 o‘rin yaratilgan bo‘lsa, bugunga kelib mazkur muassasadagi o‘rinlar soni 100 dan oshdi.

–Yaqinda klinikaga tibbiy jihoz va tibbiy apparatura ishlab chiqaradigan davlatlardan MRT, UTT va boshqa jihoz va apparatlar keltirildi, – deydi “Doktor Abdumalik” klinikasi bosh shifokori Shavkat Begmatov. – Bu klinikaga kelib- ketayotgan, sog‘lig‘ida muammosi bor bemorlarga xizmat ko‘rsatishda qo‘l kelmoqda. Yaqin vaqtlarda yana bitta yangilikka qo‘l urib, jarrohlik amaliyotini yo‘lga quymoqchimiz. Asosiysi, bu boradagi ishni boshlab yuborganmiz.

–Bundan ikki kun avval Sirdaryo tumanidan Guliston shahrida joylashgan “Xanifa med” klinikasiga tashrif buyurgandim, – deydi sirdaryolik Umida Janayeva. – Ikkinchi farzandimni shu yerda klinikaning malakali akusher-ginekologlari, doyalari yordamida dunyoga keltirdim. Shart-sharoitlar juda yaxshi. Oila xonasi tashkil etilgan, katta farzandim va turmush o‘rtog‘im ham shu yerda. Ona uchun bundan ortiq qulaylik bo‘lmaydi.

50 statsionar o‘ringa mo‘ljallangan klinikada klinik laboratoriya, jarrohlik bo‘limi, reanimatsiya xonasi, 2 kishilik, bir kishilik alohida xonalar, bundan tashqari tug‘ruq va tug‘ruqdan so‘ng ayol o‘z oilasi va farzandlari bilan ma’lum bir vaqt shifokorlar nazorati ostida davolanishi uchun oila xonasi ham tashkil etilgan.

Raqobat bor joyda ish, ish bor joyda raqobat bo‘ladi. Davlat tibbiyot muassasalari bilan xususiy tibbiyot muassasalari o‘rtasida vujudga kelgan ana shunday raqobat muhiti aholini tibbiyot muassasalariga emas, tibbiyotni aholiga yanada yaqinlashtirishda muhim o‘rin tutmoqda.

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri.