Xususiy klinikalardagi noxush holatlarga qachon chek qo‘yiladi?
Inson salomatligi hamma narsadan muhim. Bu borada mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish, har bir fuqaroning sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ahamiyatlisi, davlat shifoxonalari bilan bir qatorda xususiy tibbiyot muassasalari ham aholiga tibbiy xizmatlarni taklif etmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda yurtimizda 3 mingdan ortiq xususiy klinika va diagnostika markazi faoliyat yuritmoqda. Ular tibbiy xizmatlar bozorini kengaytirish va raqobatni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.

Ammo so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xususiy klinikalar bilan bog‘liq noxush holatlar to‘g‘risidagi xabarlarga tez-tez duch kelayapmiz. Bu boradagi video va foto materiallar jamoatchilikning e’tirozlari va keng muhokamalariga sabab bo‘lmoqda. Bemorlarning huquqlari buzilishi, noto‘g‘ri tashxis, malakasiz xizmat ko‘rsatish holatlari, shuningdek, ayrim holatlarda bu noxush vaziyatlar og‘ir oqibatlarga olib kelganligi haqidagi ma’lumotlar, albatta, jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasining navbatdagi munozara sessiyasi ayni masalaga — “Xususiy klinikalardagi noxush holatlarga qachon chek qo‘yiladi?” mavzusiga bag‘ishlandi.

Munozara klubida Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, xususiy klinikalar rahbarlari, sud organlari vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Munozarada xususiy tibbiyot muassasalarida kuzatilayotgan noto‘g‘ri tibbiy muolajalar sabab yuzaga kelayotgan noxush holatlar, xususiy klinikalarni litsenziyalash va tibbiy xizmat ko‘rsatish holatlarida nazorat mexanizmlari samaradorligi, tibbiy xodimlarning malakasini oshirish qanday choralar ko‘rilayotgani qizg‘in muhokama qilindi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ulining bu boradagi fikr-mulohazalari tinglandi.

Sessiya muhokamalari davomida xususiy klinika vakillari ham o‘z fikrlarini bildirdi. Munozara ishtirokchilari ularga tez-tez yuz berayotgan tibbiy xatolar bilan bog‘liq noxush holatlarning sabablari, xususiy klinikalardagi tibbiy xizmat narxlarining qimmatligi, ularni belgilash tamoyillari va tibbiyot xodimlarining malakasini muntazam oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan savollar berdi.
Shuningdek, sessiyada xususiy klinikalar faoliyatida tadbirkorlar huquqlari va aholi salomatligi o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, xususiy klinikalar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish masalalari muhokama qilinib, bu borada Biznes-ombudsman vakilining mulohazalari tinglandi. Ta’kidlanishicha, xususiy klinikalar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bir qatorda tadbirkorlik sub’ekti ham hisoblanadi. Ularning faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish va o‘rganishda tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qiluvchi bir qator qoidalar belgilangan. Bu esa o‘z navbatida, xususiy klinikalar faoliyati yuzasidan nazorat mexanizmlarini samarali ishlashida bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Jamoatchilik faollari inson salomatligi eng birinchi navbatdagi masala ekanligini alohida ta’kidladi. Shunday ekan, xususiy klinikalarda inson hayoti va salomatligiga zarar yetkazgan holatlarda litsenziya talablarini qat’iylashtirish va kompensatsiya mexanizmlarini takomillashtirish zaruriyati mavjud.
Shuningdek, jarayonda sud vakili xususiy tibbiyot sohasida tez-tez kuzatilayotgan noxush holatlar bo‘yicha sud amaliyoti, bu boradagi murojaatlar, sud ekspertizalarining ishonchliligi va noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan javobgarlik choralari haqida ma’lumot berdi.

Sessiya jarayonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulnora Abduvohidovaning tibbiyot xodimlarining kasbiy mas’uliyatsizligi ortib borayotgani yuzasidan mas’ul vazirlikka yuborgan deputatlik so‘rovi va uning natijalari muhokamalar markazida bo‘ldi. Deputat bu haqida batafsil ma’lumot berar ekan, tegishli vazirliklarning munosabati, sohada kutilayotgan yangi qonunchilik tashabbuslari haqida fikr bildirdi.
Muhokamalarda mas’ul tashkilotlar tomonidan xususiy klinikalardagi noxush holatlarining oldini olish, tadbirkorlikni rivojlantirish bilan bir qatorda, aholi salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratildi. Yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, inson qadr-qimmati va salomatligini himoya qilish – har bir tibbiy muassasaning asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA