Xusiylar va Saudiya yana o‘zaro zarba almashdi
Yamandagi “Ansor Alloh” (xusiylar) harakati harbiy vakili Yahyo Sari ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Saudiya Arabistoni hududiga uyushtirilgan navbatdagi hujum haqida bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Saudiyaning Yamanga nisbatan qamali va harbiy amaliyoti hamon davom etmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi to‘qnashuv avj olgan bir payt Xamis-Mushayt va Toif qo‘nalg‘alaridan ko‘tarilgan F-15 hamda “Typhoon” qiruvchi samolyotlari tomonidan jami 1018 havo zarbasi berilgan. Shuningdek Najron va Jizondan raketalar otilgan.
Bunday harakatga javob tariqasida xusiylar poytaxt Ar-Riyod shahridagi muhim nuqtalar hamda Yanbu hududidagi “Aramco” neft-gaz kompaniyasi inshootini nishonga olgan.
Mulozim mazkur zarbalar muvaffaqiyatli amalga oshirilganini ta’kidlagan. Da’vo yuzasidan Saudiya rasmiylari tomonidan hozircha hech qanday munosabat bildirilgani yo‘q. Eslatib o‘tamiz, Yamanda hukumat kuchlari va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi taxmin qilinadigan xusiylar o‘rtasida iyul oyida qayta avj olgan nizo so‘nggi kunlarda yanada kuchaydi. Xusiylar raqibini hujum qilishda ayblab, Saudiya hududiga ballistik raketa va dron bilan muntazam ravishda zarba berib kelmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA