Xulq ila olam elini shod qil
“Farhod va Shirin”da Chin xoqoni o‘g‘li Farhodga shunday deydi:
Seni dono demak yoxud xiradmand,
Demakdurkim achig‘ maydur, chuchuk – qand.
Navoiyning buyukligi ham shunday – mayning achchiq, qandning shirin ekani kabi barchaga ayon! Bu buyuklikning sabablaridan biri, shubhasiz, allomaning oliyjanob fazilatlari, go‘zal axloqidir.
“Qur’oni Karim” ning Qalam surasi 4-oyatida Muhammad s.a.v.ga qarata “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” deyiladi. Ulug‘ mutasavvif Ibn Arabiy o‘z tafsirida bu oyatda payg‘ambarimizning Allohning axloqi bilan xulqlanganliklari nazarda tutilganini ta’kidlaydi. Hadisi sharifda keltirilishicha, “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam odamlarning eng yuzi chiroylisi va eng xulqi go‘zali erdilar”.
Yuqoridagilardan shunday xulosa kelib chiqadiki, Allohning necha ming payg‘ambar, avliyo va hikmat egalarini yuborishdan maqsadi– insoniyatning axloqini bezash va siyratini yaxshilash, go‘zallashtirishdir. Shu ma’noda aytganda, hazrat Alisher Navoiy shaxsiyati bilan ham, ijodi bilan ham ana shu missiyaga xizmat qilgan siymolardan biridir.
Bu da’voni u kishining bolalikdan vafotiga qadar bosib o‘tgan hayot yo‘li to‘laligicha tasdiqlaydi.
Navoiyning o‘tkir zehni, go‘zal xulqi bolalik chog‘ida Taft shahrida Sharafiddin Ali Yazdiyning duosiga sazovor bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Xondamir “Makorimu-l-axloq”da keltirishicha, bolalagidanoq Boyqaro xonadoni vakillari unga hamisha mehribonlik va g‘amxo‘rlik ko‘zi bilan qarashgan, uning ilhom nishonalariga ega bo‘lgan so‘zlarida saodatli kelajagi alomatlarini ko‘rib, o‘ta iltifot va marhamat ko‘rsatishgan (66-b).
Navoiyning mana bu fikri uning butun umrlik shiori bo‘lgan ko‘rinadi:
Har nafasing holidin ogoh bo‘l,
Balki anga hush ila hamroh bo‘l.
Ya’ni o‘tgan har lahzangning holidan ogoh, hushyor bo‘l, uni behuda o‘tkazma!
Manbalarda keltirilishicha, Navoiy “bolalik chog‘laridan umrining oxirlarigacha barakali vaqtining ko‘p qismini ilm egallash va kamolotga erishish ishiga sarflab, bir lahza bo‘lsa-da turli bilimlarni o‘rganish va har xil ko‘nikmalarni egallashdan tinmagan” (“Makorimu-l-axloq”, 77-b).
Albatta, bolalikdan ilmga va kamolotga intilish tezda o‘z mevasini bera boshlagan. Buni barchamizga tanish bo‘lgan, ko‘plab manbalarda takror-takror keladigan quyidagi voqea ham tasdiqlaydi:
Ungacha hech kim turkiy tilda undan ko‘proq va yaxshiroq she’r yozmagan. Mavlono Lutfiy kunlardan bir kuni endigina unib-o‘sib borayotgan va yaxshi-yomonni ajrata boshlayotgan yosh Navoiyning huzuriga borib, undan: “Biror g‘azal o‘qib berish orqali o‘z tafakkuringiz mahsullarining yangi namunalaridan meni bahramand eting, – deb iltimos qiladi. “Orazin...” deb boshlanuvchi g‘azalni eshitgach, “Xudoga qasam ichib aytamanki, agar iloji bo‘lganida edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming baytdan iborat bo‘lgan turkiy va forsiy g‘azallarimni birgina ushbu g‘azalga almashtirgan va ushbu ayirboshlash natijasini katta muvaffaqiyat deb hisoblagan bo‘lardim” – deya e’tirof etadi (“Makorimu-l-axloq”, 89-b).
Fikrimizcha, bu kichik lavhadan bir necha muhim xulosalar kelib chiqadi:
Birinchidan, XV asr jamiyatida adabiyotga, so‘z san’atiga e’tibor baland bo‘lgan;
Ikkinchidan, oqsoqol shoirning yosh ijodkor xonadoniga uning she’rlari bilan tanishish uchun tashrif buyurishi shuni anglatadiki, Lutfiy haqiqatda taxallusiga munosib, iltifotli siymo bo‘lgan;
Uchinchidan, Navoiy o‘smirlik chog‘idayoq qalami o‘tkir shoir sifatida kamolga yetgan;
To‘rtinchidan, yirik ijodkorlar yosh qalamkashlar ijodiga befarq bo‘lmagan va ularni imtihon qilib turgan;
Beshinchidan, Lutfiy Navoiy siymosida o‘zidan keyin turkiy adabiyotning munosib davomchisini ko‘ra olgan;
Oltinchidan, Lutfiy yosh ijodkorga yuqori baho berish orqali uni yanada ruhlantirish, rag‘batlantirish hamda adabiyot ahli ichida nufuzini ko‘tarishni maqsad qilgan;
Yettinchidan, balki ayni shu va shu kabi holatlar Navoiyning keyinchalik yuzlab yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashiga sabab, ilk saboq bo‘lgan.
Bu noyob iste’dod hamda go‘zal xulq-atvor Navoiyga butun umr tahsin va maqtov yog‘dirgan. Yigitlik chog‘larida Samarqandda “Ikkinchi Abu Hanifa” laqabini olgan faqih Xoja Fazlulloh Abullays qo‘lida ta’lim olar ekan ustozi doimo uning tabiatidagi oliyhimmatlikni maqtar va uni boshqa talabalardan ustun ko‘rgan ekan (“Makorimu-l-axloq”, 78-b).
“Saddi Iskandariy”da shunday bayt keladi:
Birovki manga himmat o‘ldi baland,
Erur olam ahli aro arjumand.
Ya’ni, “kim baland himmatli bo‘lsa, u odam olam ahli orasida aziz bo‘lur”.
Ko‘rinadiki, Navoiy o‘zgalarga nasihat qilgan fazilatlarga avvalo o‘zi sohib chiqqan va ijodi orqali o‘zida bo‘lgan oliyjanob sifatlarni o‘zgalarda ham ko‘rishni orzu qilgan.
Bu ulug‘ siymoning ana shunday yuksak fazilatlaridan yana biri ilm ahliga e’tibori edi. Navoiy “Farhod va Shirin”da ilm ahliga nisbatan ko‘z qarashini yaqqol ochiqlaydi:
Birovkim qilsa olimlarg‘a ta’zim,
Qilur go‘yoki payg‘ambarg‘a ta’zim.
Zamondoshlarining eslashicha, “Tasavvuf va iymon ahlining qiblasi bo‘lgan ushbu zot ... mashhur olimlar va hurmatga sazovor fozillarning obro‘-e’tiborini oshirish va martabalarini yuksaltirishga qo‘lidan kelganicha g‘ayrat va himmat ko‘rsatdi hamda talabalarning xotirjam va bemalol ta’lim olishlari uchun ularga nafaqalar tayinlab, madrasalar va xonaqohlar qurdirdi (“Makorimu-l-axloq”, 80-b).
Shafqat, g‘amxo‘rlik – Navoiy ma’naviyatini bezagan sifatlardan yana biridir. Bu borada, albatta, allomaning
Odami ersang demagil odami,
Onikim yo‘q, xalq g‘amidin g‘ami. –
degan mashhur satrlari yodga keladi. Bunda shoir Xoliq tomonidan xalq qilingan, ya’ni yaratilgan barcha jonzodlarga g‘amxo‘rlik qilish sifati bilan xulqlanish kerakligini insonlikning sharti sifatida qo‘yadi. Albatta, shaxs sifatida bu borada ham barchaga o‘rnak bo‘la olgan. Jumladan, Xondamirning hikoya qilishicha, bir kuni Navoiy asr namozidan keyin har kunlik odatiga xilof ravishda, ya’ni namozga kelmaganlarni surishtirmasdan, masjiddan shoshib chiqib ketadi. Qaytib kelgach, bu holning sababiga qiziqqanlarga javob berishicha, namoz vaqtida tahorat qilgan joyidan etagiga bir chumoli ilashganini payqab qolgan va unga jabr-zulm qilib qo‘yishdan qo‘rqib, o‘z uyasi yoniga tashlab kelgan (“Makorimu-l-axloq”, 157-b)
Ma’lumki, Navoiy qator lavozimlarda ham faoliyat yuritgan. Biroq ma’lumotlarga ko‘ra, “ulug‘vor qalbining faqr va fano sulkidan yurishga moyil ekanligi” sababli mansab va lavozimlardan har safar bosh tortgan, Sultonning qattiq turib iltimos qilgani uchungina amirlik, vazirlik kabi mansablarga qadam qo‘ygan. Va bunday holatlarda ham, avvalo, “Bir soat qilingan adolat oltmish yillik ibodatdan afzaldir” hadisini mulohaza qilib, adolatli ish tutish orqali ko‘proq savobga erishishni maqsad qilib qo‘ygan (“Makorimu-l-axloq”, 119-b). “Hayratu-l-abror”dagi mana bu satrlari buning isbotidir:
Adl ila olam yuzin obod qil,
Xulq ila olam ellin ishod qil.
“Makorimu-l-axloq” da Navoiy qurdirgan 23 masjid nomi sanaladi. Bundan tashqari, o‘zi qurdirgan barcha madrasalar, xonaqohlar va rabotlarda ham masjidlar barpo etgani keltiriladi. Xondamir Navoiyning Hirot jome’ masjidini qaytadan qurdirgani haqida so‘z yuritganda “aksar hollarda etagini qayirib, boshqa ishchilar qatorida ishlardi” deya xotirlaydi. Demak, Navoiyning nomi abadiyatga muhrlanishida uning kamtarinlik, xokisorlik va taqvodorlik kabi insoniy fazilatlari ham katta rol o‘ynagan (“Makorimu-l-axloq”, 130-b). Bejizga uning muhriga “Dunyoda g‘aribdek yoki bir yo‘lovchidek bo‘lgin! Faqir Alisher” (“Navoiydan chu topqaylar navoye”, 30-b), deya yozilmagan.
Navoiy fazilatlarini hali uzoq davom ettirish mumkin. Biroq fikrimni ulug‘ mutafakkir umrining so‘ngida ro‘y bergan bir voqelikka diqqat qaratish bilan yakunlamoqchiman.
Ma’lumki, hazrat Navoiy hayotining so‘ngi paytlarida Husayn Boyqarodan “qolgan umrimni Ansoriyning tabarruk maqbarasi ostonasini supuruvchilik bilan o‘tkazishimga ... ruxsat bersangiz” deya izn so‘raydi va shu ish bilan bir muddat mashg‘ul bo‘ladi (“Makorimu-l-axloq”, 142-b). Bunga guvoh bo‘lgan minglab hirotliklar mazkur ishni o‘zlariga odat qilib olishadi. Fikrimcha, bu hodisada bir ramziylik bor.
Turk olimi Edhem Jebejio‘g‘luning keltirishicha, tasavvuf ta’limotida “Jorubi lo”, ya’ni “lo supurgisi” tushunchasi mavjud. Bu iboradagi lo kalima-i tavhiddagi lo bo‘lib, u o‘zi duch kelgan barcha butlarni tozalaydigan va supurib tashlaydigan supurgiga o‘xshatiladi. U qalbdagi “butlar”ni tozalaydi. Ya’ni bu supurgi qalbda Ollohdan o‘zga nima bor bo‘lsa, ularga oid sevgi va rishtalarni supurib tashlaydi, yo‘q qiladi. Lo ba’zida hazrati Ibrohimning butlarni sindirib tashlagan boltasiga ham o‘xshatiladi.
“Jorubkash” atamasi esa Payg‘ambar (s.a.v.) qabrini supuruvchi kishi uchun ishlatiladi. Tasavvufda u tariqat shayxlari uchun ham atama bo‘lgan. Shayxlar murid (shogird)larining qalblarida Xudoga yetib borishga to‘sqinlik qiladigan yetmish ming pardani supurib tashlaganliklari uchun ularni “supuruvchi” deb atashgan. Xonaqohlar, qabrlarni supurish shundan qolgan.
Qolaversa, so‘fiylikka asoslangan ba’zi diniy guruhlarda (alaviylar) ibodat marosimlaridagi 12 xizmatchidan (1-Murshid, 2-Pir, 3-Xalifa, 4- Chirog‘chi, 5-Zokir, 6-Nazoratchi, (ikkiga bo‘lingan: Tashqarida, Ichkarida kuzatuvchi) 7-Tariqchi, 8-Jamiyatboshi, 9-Saqqo (Suvchi), 10-Naqib, 11-Farrosh (Supuruvchi), 12-Hodim (Xizmatkor) o‘n birinchisi jorubkash hisoblanadi.
Menimcha, Hazrat Alisher Navoiy ham oliyjanob xulq-atvori bilan, ham betakror ijodi bilan asrlar davomida qalblarimizni minglab illatlardan poklab kelayotgan ulug‘ piri komildir!
Odiljon Avaznazarov,
Qarshi davlat universiteti
adabiyotshunoslik kafedrasi dotsenti,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
O‘zA