Xovosdagi istirohat bogʻi faoliyatini boshladi
Sirdaryo viloyatining Xovos tumani markazidagi “Aholi dam olish maskani” mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi bayrami arafasida rekonstruksiya qilinib, karantin talablari yumshatilgach, yangidan faoliyatini boshladi.
Sirdaryo viloyatining Xovos tumani markazidagi “Aholi dam olish maskani” mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi bayrami arafasida rekonstruksiya qilinib, karantin talablari yumshatilgach, yangidan faoliyatini boshladi.
Yangilanayotgan Oʻzbekiston taraqqiyotning yangi bosqichi sari dadil qadam qoʻyib, barcha sohalarda izchil islohotlar jadallik bilan olib borilmoqda. Buni har bir viloyat, shahar, tuman, mahalla va uzoq qishloqlarimiz kundan kunga yangidan chiroy ochayotganida ham koʻrish mumkin.
– Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, amalga oshirilayotgan islohotlarimizdan koʻzlangan asosiy maqsad – xalqimiz hayotidan, bugungi kunidan rozi boʻlishi, ertangi kuniga ishonishi demakdir, – deydi Xovos tumani hokimi Uchqun Kamolov. – Yana bir necha kunlardan soʻng butun Oʻzbekistonda xalqimizning eng suyukli, eng ulugʻ, eng aziz bayrami – Mustaqillikning 29 yilligi nishonlanadi. Toʻyga toʻyona bilan deganlaridek, biz ham fuqarolarimizga munosib turmush sharoitini yaratish, ularning boʻsh vaqtlarini farzandlari bilan samarali oʻtkazishlarini taʼminlash maqsadida tuman markazidagi “Aholi dam olish maskani”ni rekonstruksiya qildik. Bu xovosliklar uchun bayram tuhfasi.
Ushbu dam olish maskani M-34 Toshkent – Dushanbe xalqaro yoʻlining boʻyida joylashgan boʻlib, 4 ming 800 metr kvadrat maydonni oʻz ichiga oladi va bir vaqtning oʻzida 100 dan ortiq tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsata oladi..
“Aholi dam olish maskani”ga tashrif buyuruvchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Manzarali daraxtlarga burkangan soya-salqin maskandagi oʻtirgʻichlarda fuqarolar tin olib, hordiq chiqarishlari, yaxna sharbatlar, muzqaymoq, milliy taomlardan isteʼmol qilishlari, bolalar oʻyin maydonchasida esa farzandlari maza qilib turli-tuman oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlishlari mumkin.