Xovosda "Kouching" loyihasi doirasida mashg‘ulot
Xovos tumanida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi va tuman "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi mas’ullari tomonidan "Kouching" loyihasi doirasida mashg‘ulot o‘tkazildi.
— Mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsad ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning o‘z kuchi va ichki resurslariga tayangan holda jamiyatga moslashishiga ko‘maklashishdan iborat, — deydi Xovos tumani "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Bunyod Mamarasulov.

O‘tkazilgan mashg‘ulotda ijtimoiy nafaqalar, sanatoriyalarga yo‘llanmalar, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan yordam ko‘rsatish va inklyuziv ta’lim kabi masalalarga ahamiyat qaratildi. Unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutaxassislari qatorida Mahallalar uyushmasi, bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi vakillari ishtirok etib, yig‘ilganlarga “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyilida nazarda tutilayotgan barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish, ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganish, kafolatlangan tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, shuningdek, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Bu kabi tadbirlar nafaqat Xovosda, viloyatning boshqa hududlarida ham o‘tkazilib, aholining "Inson" markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy, maishiy xizmatlar va yordamlar, ulardan foydalanish borasidagi bilimi oshirilmoqda.

— Xovos tumanida "Kouching" loyihasi doirasida o‘tkazilgan mashg‘ulot nihoyatda foydali bo‘ldi,—deydi Jumaboy Suyunov. —Kelgusida o‘rganganlarim menga asqatadi. Avvallari turli tashkilotlar tomonidan tarqoq holda ko‘rsatilgan xizmatlar endilikda bitta tashkilot — "Inson" markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgani nafaqat menga, aholiga ham ma’qul kelmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri