Xotira uyg‘oq bo‘lsa, millat ham uyg‘oq bo‘ladi
Tarix — shunchaki o‘tmish haqidagi hikoya emas. U xalqning o‘zligini anglashi, kim bo‘lganini va qanday sinovlardan o‘tganini bilishi, eng muhimi, kelajakka qanday qadam tashlashini belgilaydigan buyuk xotira maktabidir. Ayniqsa, millat taqdiri, uning ma’naviy uyg‘onishi va ozod fikri uchun kurashgan fidoyi ajdodlar hayotini o‘rganish bugungi avlod zimmasidagi muqaddas vazifadir.
Zero, tarixda shunday insonlar borki, ularning hayoti davrlar o‘tsa ham qalblar qatida yashaydi xotiradan aslo o‘chmaydi. Ular o‘z davrida ta’qib qilindi, qamoqqa tashlandi, surgun qilindi, qatl etildi. Ammo ularning g‘oyalarini o‘ldirib bo‘lmadi. Chunki haqiqatni qurol bilan yo‘qotib bo‘lmaydi. Ilm, ma’rifat, milliy o‘zlik va ozodlikka bo‘lgan intilish avloddan-avlodga o‘tib, yana qayta bo‘y ko‘rsatadi.
Bugun Buxoro davlat universitetida ana shunday tarixiy haqiqatlar, millatimiz ma’naviy uyg‘onishining mash’alchilari va qatag‘on qurbonlari taqdiriga bag‘ishlangan “Jadidchilik harakati va qatag‘on qurbonlari: tarixiy xotira va adolatning tiklanishi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Anjumanni Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Xamidov kirish so‘zi bilan ochdi. Konferensiyaning bosh maqsadi — jadidchilik harakatining milliy tariximizdagi beqiyos o‘rnini yanada chuqur o‘rganish, qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyatini ilmiy asosda tadqiq etish, ularning xalqimiz ma’naviy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini keng jamoatchilikka yetkazish, tarixiy xotirani tiklash va adolat tamoyillarini qaror toptirishdan iborat.

Jadidlar — o‘z davrining oddiy ziyolilari emas edi. Ular millatning ertangi kuni haqida o‘ylagan, ilm-ma’rifatni taraqqiyotning eng kuchli quroli deb bilgan, yosh avlodni zamonaviy bilimlar asosida tarbiyalash, milliy matbuot va teatrni rivojlantirish, xotin-qizlar ta’limini kengaytirish, jamiyatni ma’rifat orqali o‘zgartirish uchun kurashgan fidoyilar edi. Ularning orzusi — ilmli, ma’rifatli, o‘z taqdirini o‘zi belgilay oladigan millatni ko‘rish edi. Afsuski, bu ezgu maqsad yo‘lida ular og‘ir va shafqatsiz sinovlarga duch keldilar. Qatag‘onlar tufayli qancha-qancha olimlar, adiblar, davlat va jamoat arboblari, muallimlar, ma’rifatparvarlar hayotidan ayrildi. Ularning nomlari uzoq yillar davomida tilga olinmadi, asarlari o‘rganilmadi, merosi avlodlardan yashirildi. Ammo vaqt haqiqatning eng buyuk hakami ekanini isbotladi.
Bugun ularning nomlari qayta tiklanmoqda. Asarlari nashr etilmoqda. Ilmiy merosi o‘rganilmoqda. Xotiralari e’zozlanmoqda. Eng muhimi, bir paytlar “jinoyat” sifatida baholangan milliy ma’rifat va taraqqiyot g‘oyalari bugun xalqimiz ma’naviy hayotining ajralmas qismiga aylanmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tarixiy xotirani tiklash, qatag‘on qurbonlarining nomlarini abadiylashtirish, ularning ilmiy va ma’naviy merosini xalqqa qaytarish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayon, avvalo, davlat rahbarining tarixiy adolatni qaror toptirish, milliy o‘zlik va ma’naviy merosni asrashga qaratilgan tashabbuslari bilan uzviy bog‘liq.

Prezidentimiz tashabbusi bilan jadidlar merosini chuqur o‘rganish, ularning ezgu g‘oyalarini yosh avlod ongiga singdirish, qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, o‘z tarixini bilgan, ajdodlari qanday orzu va maqsadlar bilan yashaganini anglagan avlodgina bugungi tinchlik va taraqqiyotning qadrini to‘la his etadi.
Shu ma’noda, Buxoro davlat universitetida o‘tkazilayotgan respublika konferensiyasi ham tarixiy xotirani tiklash va haqiqatni yuzaga chiqarish yo‘lidagi muhim ilmiy-ma’rifiy qadamdir.
Anjuman doirasida universitet tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining faoliyati, uning tarixiy xotirani asrashdagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, Abdurauf Fitratning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, Atoulla Xo‘jayevning ijtimoiy-siyosiy faoliyati, Fayzulla Xo‘jayevning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni hamda boy merosi, qatag‘on qilingan prokurorlar xotirasi kabi dolzarb tarixiy mavzularda ilmiy ma’ruzalar tinglanmoqda.
Bu mavzularning har biri ortida bir inson taqdiri, bir oila qismati, bir davrning fojiasi va butun millatning kechmishi mujassam. Fitrat singari ma’rifatparvarlarning asarlarini o‘qiganda, ularning o‘z davri uchun qanchalar ilg‘or fikrlaganiga hayratlanasiz. Fayzulla Xo‘jayev kabi davlat arboblarining faoliyatini o‘rganganda esa o‘sha murakkab tarixiy sharoitda millat manfaatini himoya qilish qanchalar katta jasorat talab etganini his etasiz.

Shu bois bugungi konferensiyada yangrayotgan har bir ma’ruza — oddiy ilmiy axborot emas. U tarixning sukutda qolgan sahifalariga berilgan savol, unutilgan taqdirlarga bildirilgan ehtirom va kelajak avlod oldidagi ma’naviy mas’uliyatdir.
Tarixiy xotirani tiklashning ahamiyati shundaki, u bizga faqat kechagi kunni emas, bugungi kunni ham yaxshiroq anglash imkonini beradi. Jadidlar bizga bir haqiqatni meros qoldirgan: millatni yuksaltirish uchun, avvalo, insonni uyg‘otish kerak. Insonni uyg‘otish uchun esa unga ilm, ma’rifat va haqiqat kerak.
Bugun universitet auditoriyalarida jadidlar haqida so‘z borayotgani, ularning asarlari tadqiq etilayotgani, muzeylarda xotiralari e’zozlanayotgani — tarixiy adolatning tiklanayotganidan dalolatdir. Bu jarayonda olimlar, tadqiqotchilar, ziyolilar, jurnalistlar va ta’lim muassasalarining vazifasi nihoyatda katta. Chunki ilmiy haqiqat jamoatchilikka yetkazilmasa, u faqat arxiv sahifalarida qolib ketishi mumkin. Tarixiy xotira esa faqat kitoblarda emas, avlodlar tafakkurida yashagandagina haqiqiy kuchga aylanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri