Xotira bor ekan – millat barhayot
9 may – Xotira va qadrlash kuni
Shu kunlarda yurtimizning shahar va tumanlarida, olis go‘shalarida 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabaning 76 yilligi bayrami doirasida “Xotira bor ekan – millat barhayot”, “E’tibor va g‘amxo‘rlik – insoniy burch” ezgu g‘oyalarini o‘zida ifoda etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tantanali uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Shonli sana munosabati bilan butun mamlakat miqyosida videoselektor tartibida bo‘lib o‘tayotgan bayram tadbirida nuroniylar, front qatnashchilari, viloyat faollari, sektorlar va huquqni muhofaza etish organlari rahbarlari, yoshlar Namangan shahridagi Chaqiriluvchilarni harbiy texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazida turib ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigi ko‘tarinki ruhda qarshi oldi.
Namangan viloyatidan Ikkinchi jahon urishiga otlangan 67 ming 833 mard o‘g‘londan 31 ming 500 nafari qirg‘inbarot janggohlarda mardlarcha halok bo‘ldi. 2 ming 26 nafari matonatli vatandoshlarimiz turli darajadagi ordenlar bilan qaytgan. Jumladan, Soli Adashev, Nabijon Mingboyev, Mixail Fayazov, Abdusattor Rahimov kabi o‘nlab namanganlik o‘g‘lonlar sobiq Ittifoq Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
bugungi kunda Namangan viloyatida 22 nafar urush qatnashchisi, shuningdek, 1 ming 193 nafar mehnat fronti faxriysi e’zoz va ehtiromda umrguzaronlik qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining farmoniga asosan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari 12 million so‘m miqdorida pul mukofoti va Prezident sovg‘alari bilan mukofotlandi.
Viloyatda har bir urush faxriysi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda uylari ta’mirdan chiqarib berildi. Bayram munosabati bilan viloyat hokimining esdalik sovg‘alari, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmalari taqdim etildi. Nuroniylarning har biriga tibbiy patronaj va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, xususan sihatgoh va dam olish kurortlarida salomatliklarini mustahkamlash uchun shart-sharoitlar yaratib berildi.
Bundan tashqari mustaqillik yillarida Vatan oldidagi burchiga sadoqat bilan xizmat vazifasini ado etish vaqtida qurbon bo‘lgan harbiy va huquq-tartibot idoralarining 34 nafar xodimining xotirasini ardoqlash, ularning oila a’zolaridan xabar olish, farzandlariga otasining qaxramonligi hech qachon unutilmasligini eslatish maqsadida hokimliklar, sektorlar va huquq-tartibot idoralari rahbarlari tomonidan ularning uylariga yo‘qlovlar uyushtirildi.
Viloyatda 9 may - Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari davom etmoqda.
[gallery-2345]
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA